Poytaxtimizda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil shaxslar bilan muntazam ish olib borish masalasiga bag‘ishlangan trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) hamkorligida an’anaviy o‘tkaziladigan mazkur tadbir “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” kampaniyasi doirasida tashkil etildi.
Ushbu kampaniya har yili “25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish” xalqaro kunida boshlanib, “10 dekabr – Inson xuquqlari” kuniga qadar davom etadi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad tegishli shaxslar bilan profilaktika va tuzatish ishlarini olib borish uchun mas’ul davlat muassasalari va jamoat tashkilotlari, jumladan huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va psixologik xizmat vakillari salohiyatini oshirishdan iborat.
Treningda maxsus vakolatli idoralar va tashkilotlar vakillarining ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlar bilan maqsadli ishlashiga oid o‘zaro bog‘liq va izchil harakatlarga tavsif, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishning milliy me’yoriy-huquqiy asosi tushuntirildi.

Ayollar va qizlar xavfsizligini ta’minlash uchun keng ko‘lamli tadbirlar, huquqiy chora va profilaktika ishlari, shuningdek zarur bo‘lganda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni psixologik, tibbiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahat berildi.
Mashg‘ulot davomida “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil shaxslar bilan kompleks ish olib borish” nomli amaliy qo‘llanma taqdim qilindi.

Ishtirokchilar kelgusida treningda olingan bilim natijasida ichki taqvim-rejani qayta qo‘rib chiqib, qo‘llanmani amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha o‘z hududida mutaxassislarni o‘qitadilar.
G.Sattorova, O‘zA