Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan, O‘zbekiston “Tadbirkor va ishbilarmon ayollar” birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan “Mamlakatimizda xotin-qizlar manfaati doimiy e’tiborda!” loyihasi doirasida Buxoro viloyatida SMM va mobilografiya bo‘yicha o‘quv kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Loyihaning asosiy maqsadi ayollarning raqamli sohadagi salohiyatini oshirish, ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj va ishsiz xotin-qizlarni zamonaviy IT-kasblarga o‘rgatish orqali ularni iqtisodiy faollikka jalb etishdan iboratdir.

– Bu ayollar uchun ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri va samarali ish olib borish faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish, o‘z biznesini rivojlantirish va jamiyatdagi o‘rnini oshirish imkonini beradi, – deydi O‘zbekiston “Tadbirkor va ishbilarmon ayollar” birlashmasi rahbari Mamlakat Sodiqova. – Ayniqsa, tadbirkor va ijtimoiy faol xotin-qizlar uchun juda muhim. Mobilografiya – hikoyangizni vizual ko‘rinishda bayon qilish san’ati zamonaviy smartfonlar orqali yuqori sifatli foto va videolar tayyorlash, o‘ziga xos kontent yaratish va auditoriyaga ta’sirchan tarzda murojaat etish imkonini yaratadi. Mobilografiyani o‘rganish xotin-qizlarga nafaqat ijodiy tafakkurni rivojlantirish, balki faoliyatlarini samarali tarzda taqdim etishda ham yordam beradi.

Loyihada 60 nafar ayol grafik dizayn va SMM yo‘nalishlardagi amaliy kurslarni muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli diplomlarga ega bo‘ldi. Ular zamonaviy IT va raqamli marketing sohalarida mehnat qilish uchun zarur bo‘lgan aniq va amaliyotga yo‘naltirilgan ko‘nikmalarni shakllantirdi. 14 nafar faol bitiruvchi shaxsiy faoliyatini boshlashda amaliy ko‘mak va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan ta’minlandi.

Ishtirokchilarning 40 foizdan ortig‘i mobilografiya, SMM va raqamli xizmatlar sohalarida frilanser sifatida ish boshlashga erishdi. Ularning bir qismi mustaqil buyurtmalar qabul qilishni boshladi. O‘quv jarayonida shakllangan amaliy o‘quv qo‘llanmalari va metodik materiallar keng targ‘ib etildi va boshqa hududlardagi qiziquvchilar uchun ham foydalanish imkoni yaratildi.
Bitiruvchilarga tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotlarini va ularning xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini IT-kompaniyalar, marketing agentliklari va onlayn platforma orqali ishga joylashtirish uchun alohida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.