Xotin-qizlar salomatligi e’tiborda
Qaror va ijro
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Buxoro viloyatida joylashgan Kogon va Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning salomatligiga e’tibor qaratish va tiklash uchun tor doiradagi mutaxassislar va umumiy amaliyot shifokorlari yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil qilinmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan yuborilgan shifokorlar tomonidan Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasida ishlovchi ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Boshqarma tizimida erkaklar bilan yelkama-yelka, bir safda 147 nafar xotin-qiz mehnat qilib kelmoqda. Cho‘l hududida ishlashning mashaqqatli jihatlari ko‘p, albatta. O‘z salomatligiga befarq bo‘lmay, tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarga tor doiradagi mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar berildi. Tanasida qaysidir kasallik alomatlari bo‘lganlarga nisbatan davo muolajalari tayinlanib, davolanishi uchun imkoniyat yaratildi.

Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasida ishlayotgan xotin-qizlar ham bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, xotin-qizlar bilan sayyor qabul ham tashkil etildi. Qabulda ularning salomatligi bilan birga ishda va turmushda duch kelayotgan tashvish-muammolariga quloq tutildi.

Tibbiy ko‘rik va sayyor qabuldan so‘ng mazkur tarmoqda mehnat faoliyatini yuritayotgan bir guruh faol ayollar viloyat hokimligi xotin-qizlar boshqarmasining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
–Bugun jamoamiz xotin-qizlari uchun chinakam bayramona tadbir bo‘ldi, –deydi Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi Xotin-qizlar kengashi raisi Zamiraxon Amonova. –Ular ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun. Buni ularning nigohlarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri