Xotin-qizlar himoyasi doimiy e’tiborda
Ayollarni turli zo‘ravonliklardan asrash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida shu mavzuda brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva mavzuga oid dolzarb savollarga javob berdi.
- Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- 2019 yilning 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi va ular asosida bir qator qaror va farmoyishlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
"Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunda zo‘ravonlikning 4 turi ko‘rsatib o‘tilgan. Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha aniqlangan yoki kelib tushgan barcha xabarlar o‘rganib chiqilib, bunday salbiy holatning oldini olish maqsadida himoya orderlari berish amaliyoti joriy etildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarga huquqiy, moddiy va tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi "Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Hududlarda mutasaddi idora va vazirliklar vakillari tomonidan mahalla mutaxassislari bilan hamkorlikda oilalar o‘rganilib, o‘tkazilgan suhbatlarda aniqlangan muammolar bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritilgan 432 ming 781 nafar ayoldan 395 ming 760 nafariga manzilli yordam ko‘rsatildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda. “Ayollar daftari”ning yuritilishi oiladagi barqarorlikni ta’minlash, ya’ni xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali ularning oiladagi mavqeini oshirish hamda oiladagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga katta yordam bermoqda.
– Himoya orderi nima va uni qanday olsa bo‘ladi?
- Himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat sanaladi. Himoya orderini rasmiylashtirish vakolati profilaktika inspektoriga berilgan. Aniqlangan yoki kelib tushgan barcha zo‘ravonlik holatlari yuzasidan ma’lumotlar hududiy profilaktika inspektori tomonidan o‘rganib chiqilib, 24 soat ichida himoya orderi berish choralari ko‘riladi. Himoya orderi 30 kun muddatga berilib, shu muddat mobaynida xavf bartaraf etilmasa, uni uzaytirish bo‘yicha murojaatga asosan yana 30 kun muddatga beriladi.
Himoya orderi berilishining asosiy maqsadi qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, zo‘ravonlik holatlariga barham berish va takroriy zo‘ravonlik yoki tazyiq holatlarining oldini olishdir.
Mamlakatimizda himoya orderini berish amaliyoti “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tgan yil fevral oyidan berila boshlandi va 2020 yil yakunlari bo‘yicha tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 14 ming 774 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi.
2021 yilning 4 oyi davomida 14 ming 165 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan bo‘lib, natijada 7 ming 141 ta oila yarashtirildi, 5 ming 431 ta nizo bartaraf etildi. Hozirda himoya orderi berilishi bilan birga oilalardagi zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldi olinmoqda.
– Oila sha’nini asrash nuqtai nazaridan yondashib, zo‘ravonlikni oshkor etmaydigan opa-singillarimizga yordam berish tizimi bormi?
- “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgan barcha shaxsga doir ma’lumotlar tegishli qonun hujjatlari bilan qo‘riqlanadi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlari ishonib topshirilgan hamda kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan bu ma’lumotlar o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan, ushbu ma’lumotlarni oshkor etishga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
Shu bois tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar sir saqlanadi. Ko‘ngilsiz holatlar bo‘yicha xabar bergan shaxslarning ham ma’lumotlari oshkor etilmaydi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlariga “102”, “1102”, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida “1146” qisqa raqami, “Ne molchi”, “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q” telegram kanallar va shu bilan bir qatorda, zo‘ravonlik holatlari yuzasidan xabar berilishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlar va ijtimoiy tarmoqlar mavjud. Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabar bergan shaxsga oid ma’lumot uning xohishiga ko‘ra anonim bo‘lishi mumkin.
Brifingda amaldagi qonunchiligimizda ayollarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklarga nisbatan qo‘llaniluvchi jazolar, ruhiy va jismoniy tahdidga uchrab, reabilitatsiya markaziga keltirilgan yoki huquq-tartibot idoralariga murojaat qilayotgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq savollarga ham batafsil javob berildi.
N.Usmonova, O‘zA