Xotin-qizlar doimiy e’tiborda
Xatirchi tuman hokimligi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bugungi kunda tumanda 103 ming 230 nafar xotin-qiz bo‘lib, 35 ming 728 nafarini 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning muammolari mahallalar kesimida o‘rganilib, 2023 yil boshida 5 ming 157 nafari “Ayollar daftari”ning 4-bosqichi ro‘yxatiga kiritilgan edi. Joriy yilning 4 oyi mobaynida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 1746 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
– Daftarga kiritilgan xotin-qizlar 6 toifaga bo‘lingan bo‘lib, shu kunga qadar ularning 384 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 50 nafariga tadbirkorlik qilish uchun qariyb 950 million so‘m kredit mablag‘lari ajratildi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Manzura Rahmonova. – Shuningdek, 377 nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordam ajratilgan. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 307 nafariga 190 million so‘m, uy-joyga muhtoj ehtiyojmandlarning 56 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi. Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan xotin-qizlarning 266 nafariga 163,5 million so‘m miqdorida amaliy yordam ko‘rsatildi.
[gallery-11988]
Tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1794 nafar xotin-qizga tibbiy yordam ko‘rsatilib, 7 nafariga murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun, 6 nafarining davolanishiga ko‘maklashildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi “Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash hamda Toshkent shahrida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 20 nafar xotin-qizga ijtimoiy uy-joylar olib berildi
Albatta, bugungi kunda yurtimizda ta’lim olayotgan xotin-qizlar uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 332 nafar xotin-qizlarga tavsiyanomalar berilgan bo‘lsa, 33 nafar xotin-qizlarning kontrakt shartnoma pullari to‘lab berildi.
Tumanda ajrim yoqasiga kelib qolgan 83 nafar oiladan 63 nafari tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, “Oqila ayollar” a’zolari va MFY faollari ishtirokida yarashtirildi.
Tizimda erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Jumladan, ayollar jinoyatchiligi, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida mutasaddilar OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA