Oilada farzand tarbiyasi, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda xotin-qizlarning o‘rni juda muhim. Shu bois jamiyatimiz va oilalarimiz ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifalarning biri hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida hunarmandchilik va kasanachilikni yo‘lga qo‘yish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Shumanay tumani hokimligi Axborot xizmati, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishida o‘zini-o‘zi band qilib, oilasiga qo‘shimcha daromad topayotgan ayollar hayoti bilan tanishdi.
Tumanda bugungi kunda 58 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 29 ming nafaridan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularni tadbirkorlikka jalb etish, uy mehnatini rivojlantirish orqali daromad topishga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2024 yilda tumanda ishsiz 20 nafar xotin-qizga subsidiya asosida issiqxona qurib berilgan bo‘lsa, 56 nafariga parrandachilikni rivojlantirish maqsadida inkubator ajratildi. 13 nafariga asalari qutilari berildi. Davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida kasbga o‘qitish va tadbirkorlikka keng jalb etish orqali jami 1 ming 254 nafar xotin-qizning ro‘yxati shakllantirilib, bandligi ta’minlanishiga erishildi.
[gallery-21981]
Tumandagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bazargul Bekbosinova tomorqasidan unumli foydalanib, har yili daromad olib kelmoqda. “Ayollar daftari”ga kirgan bu ayol mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar asosida 2021 yilda issiqxona qurib, yiliga to‘rt marta hosil olmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori asosida tumandagi “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar qatorida unga ham subsidiya asosida inkubator berilib, hozirda parrandachilik bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.
Tumandagi “Munchoqli” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Hunarmand” uyushmasi a’zosi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va “Shuhrat” medali sohibasi, gilamdo‘zlik bo‘yicha mohir usta Oltinoy Nao‘betovaning hunarmandchilik buyumlari nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlar bilan birga Yaponiya, Angliya, Avstraliya, Koreya davlatlarida ham ma’lum. Shogirdlari bilan tuya va qo‘y junini qayta ishlash orqali tayyorlagan turli kiyim-kechaklariga, qora uyning oq bosqurga, to‘qigan milliy gilamlarga, poyabzallarga xaridor ko‘p. Shuningdek, u o‘tgan 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan e’lon qilingan tanlovda “Hunarmandning qo‘li oltin” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, 100 million so‘m grant yutib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu loyiha asosida kooperatsiya tashkil etib, ayni paytda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashga erishdi.
Kamila Qayirova “Madaniyat” qishlog‘idagi xotin-qizlar faoli bilan maslahatlashib, besh million so‘m imtiyozli kredit olib, quyon boqishni yo‘lga qo‘ydi. U oila a’zolari bilan birgalikda yetti bosh quyon bilan ish boshlagan bo‘lsa, bugungi kuni quyonlar 200 boshga yetdi. Daromadi yaxshi bo‘lganidan ishiga qo‘shimcha tomorqasida turli gullar va qulupnay yetishtirish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.
“Oybo‘yir” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulmira Jadigerova mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, qisqa vaqt ichida “Ayollar daftari”dan chiqishga erishgan chevar qizlardan. Qadimdan kelayotgan xalq amaliy san’ati – quroq tikish hozirgi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Momolarimiz quroqdan til-ko‘zdan saqlaydigan, yomonlikdan himoya qiladigan tumor sifatida foydalangan. Qiz uzatganda ko‘rpa, quroq, yostiq, ko‘rpacha, bola yostig‘i qo‘shib berilgan. Xonadoni oldidagi qora uyning ichini qo‘l mehnatidan yaratilgan qoraqalpoq milliy kiyim-kechaklari, quroq ko‘rpachalar va ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan turli buyumlar ushbu an’ana davom etib kelayotganidan darak beradi.
– Hokim yordamchisining tavsiyasi bilan subsidiya asosida tikuv mashinasi oldim, – deydi Gulmira Jadigerova. – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida “Mohir qizning hunari” loyihasi bilan ishtirok etib, 100 million so‘m sohibasi bo‘ldim. Unga yangi zamonaviy uskunalar xarid qilib, faoliyatimni kengaytirdim va 20 nafar qizni tikuvchilikka o‘qitdim. Hozirgacha ishsiz besh nafar xotin-qizning bandligini ta’minlashga erishdim. Ishlab chiqarayotgan milliy kiyimlarimizga xaridorlar talabi kuchli.
Tumanda ota-bolalarimizdan meros bo‘lib kelayotgan inson salomatligi uchun juda foydali mahsulotlarni yetishtirish bilan shug‘ullanadigan oilalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Qishloqlardagi aksariyat oilalar o‘zimizda yetishtiriladigan kunjut, tariq, qovundan turli taomlar tayyorlab, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmoqda.
“Begjap” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi ayrim sabablar bilan to‘xtab qolgan “Shumanay Meridian” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli 2 gektar yer maydonidagi issiqxonaning qayta ishga tushirilishi hududning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga hissa qo‘shishi bilan birga aholi, ayniqsa, xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘ldi. Mazkur issiqxonaning bir gektarida Koreya texnologiyasi asosida pomidor va bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Bir gektarida esa Eron texnologiyasi asosida qulupnay yetishtirishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Quvonarli tomoni, bu yerda 20 ga yaqin xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan.
Tumanda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning kasanachilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi uchun berilayotgan imkoniyatlar ijobiy samarasini bermoqda. Bu esa qishloq joylarida xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilishiga, ularning iqtisodiy faolligini oshirishga, og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollar hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirishga, oilalar daromadining oshishiga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA