Xorijlik sport ta’limi olimlari “Prezident olimpiadasi” musobaqalarini kuzatdi
O‘zbekiston davlat sport akademiyasida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Portugaliyaning "Jean Piaget Polytechnic Institute of the North (IPJPN)" vitse-prezidenti Paula Rodriges hamda Italiyaning Trento universiteti tadqiqotchisi Klaudia Bonfiglioli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyev yurtimizda sport ta’limini rivojlantirish, yangi loyihalarni joriy etish, sport ta’limida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida to‘xtaldi.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston davlat sport akademiyasining xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida takliflar ilgari surildi.

Mehmonlar poytaxtimizda barpo etilgan “Olimpiya shaharchasi” sport ob’ektlari, infratuzilmasi hamda sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, sport ta’limi mutaxassislari shu kunlarda poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari jarayonlarini bevosita kuzatdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA