Toshkentda “Mehnat migratsiyasi bo‘yicha xalqaro forum-2022” davom etyapti.
Mazkur yirik tadbir mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha O‘zbekistondagi mavjud tizim, sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, bozor talabiga asoslangan migratsiya siyosatini ishlab chiqish hamda turli mamlakatlarning salohiyatli ish beruvchilarini hamkorlikka jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, 20 ga yaqin xalqaro tashkilot, 100 ga yaqin xorijiy ish beruvchi, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Dastlab ishtirokchilarga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining imkoniyatlari va o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquqi va manfaatini himoya qilish masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Joriy va kelgusi bozor talabiga asoslangan migratsiya siyosati, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari malakasini oshirish tizimi hamda tashkiliy mehnat migratsiyasini tartibga solishga mo‘ljallangan boshqaruv tizimi hamda turli mamlakatlarning salohiyatli ish beruvchilarini hamkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
- Mehnat migratsiyasi sohasida inson huquqini himoya qilish odam savdosi, terror, giyohvandlik kabi illatlarning oldini olishga xizmat qiladi, - dedi Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi missiyasi rahbari Zeynal Gadjiyev. – Hozir Markaziy Osiyo mintaqasida mehnat migratsiyasiga tegishli maxsus mintaqaviy dastur amalga oshirilmoqda. 4 yil amal qiladigan mazkur dastur bo‘yicha O‘zbekistonda tizimli ish olib borilmoqda. Hujjatda mehnat migratsiyasi ishtirokchilari, ishga yollash agentliklarining qonuniy vazifasi ko‘rsatib o‘tilgan. So‘ngi uch yil mobaynida iqtisodiy inqiroz, pandemiya, iqlim o‘zgarishi, urush va notinchlik migratsiya rivojiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatdi. bugungi forum ana shu masalalarni muhokama qilish, bir yoqadan bosh chiqarib, migratsiya jarayonida samarali boshqaruv tizimini yaratish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, oxirgi uch yil davomida migratsiya geografiyasini kengaytirish orqali xorijda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizni dunyoning rivojlangan davlatlariga ishga jalb qilish ko‘lami kengaydi. Ayni yo‘nalishda xorijning vakolatli davlat tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan doimiy muzokara olib borilishi natijasida bugungi kunda 30 dan ortiq davlatning 480 ga yaqin tashkiloti bilan kelishuv imzolandi.

Davlatimiz rahbarining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyatga ega. Xususan, 2021-2022 yillar davomida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy qilinishi natijasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni respublika bo‘ylab 17 ta “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 150 dan ortiq kasb-hunarga o‘qitish markazida 30 ga yaqin kasbga, 10 ga yaqin chet tiliga o‘qitish orqali nazariy va amaliy tajriba to‘plandi. Fuqarolarni tashkiliy va qonuniy tartibda xorijga yuborish, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan hamkorlikda mehnat migrantlari huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish borasida amaliy natijalarga erishildi.
Xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga imkoniyat yaratish, ya’ni ularni reintegratsiya qilish yuzasidan Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Tadbirkor mehnat migranti” loyihasi ishlab chiqilgan. Mehnat migrantlarining oilalariga moddiy yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham amaliy ish olib borilmoqda. Shu maqsadda vatandoshlarimizga xizmat qiluvchi “Labour Migration” dasturiy majmuasi, “Call-markazi”, Agentlikning hududiy filiallari, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlaridagi vakolatxonalari tomonidan axborot va maslahat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Xalqaro forum doirasida xorijiy ish beruvchilar o‘rtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi xorijiy ish beruvchi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Ikki kun davom etadigan forum doirasida G2B va B2B shaklidagi uchrashuvlar, fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga ekskursiya tashkil etiladi.
- O‘zbekistonda ishchi o‘rinlari yaratish, shu orqali aholini ish bilan band qilish va yuqori daromad olishni maqsad qilganman, - deydi yaponiyalik investor Kyoya Todo. - Hozir Toshkentda yapon restoranini yurityapman. Kelgusi yil ish beruvchilar bilan hamkorlikda besh yuzdan ortiq o‘zbekistonlik kadrni Yaponiyaga ishga yuborishni rejalashtiryapmiz. Qolaversa, yana bir yo‘nalish ustida bosh qotiryapmiz. Ya’ni, O‘zbekistonda tasvirga olishga mo‘ljallangan dronlar yasaydigan maxsus maktab ochishni mo‘ljallayapmiz. Shu loyihani amalga oshirish uchun Toshkent va Farg‘ona shaharlarida ish olib borilyapti.
Tadbir doirasida xorijda ishlash istagi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni chet elda ishlashga jalb qilish bo‘yicha 6 davlatning 20 ga yaqin ish beruvchisi hamda rekruting agentliklari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida kelishuv imzolandi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA