Mamlakatimizning bilimga chanqoq, iqtidorli, ishbilarmon yoshlari kelajagimizning mustahkam poydevori sanaladi. Shunday ekan, ular har jihatdan mukammal bo‘lishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini egallashi, mustaqil fikrlay olishi, xorijiy tillarni puxta bilishi muhim ahamiyatga ega.
Bugun bir nechta xorijiy tillarni egallab, turli sohalardagi xalqaro tajribalarni o‘rganayotgan, amaliyotga tatbiq etayotgan, qator yutuqlarga erishayotgan yoshlar safi anchagina. Ularning eng katta yutug‘i ham xorijiy tillarni puxta bilishi bilan baholanadi. bugungi kunda qator psixologik tadqiqotlar ham ikki va undan ortiq tilda so‘zlashish afzalliklarini namoyon etmoqda. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ikki tilni biladigan odamning miyasi bir tilda so‘zlashadigan odamnikidan boshqacha ishlar ekan. Shunday ekan, rivojlanish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz yoshlari uchun xorij tillarini bilish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarni o‘rganish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yurtimiz yoshlarining xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi, ilg‘or tashabbuslar ilgari surilib, ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, yig‘ilishda har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun haftaning bir kuni xorijiy tillarni o‘zlashtirish va o‘rganish kuni etib belgilanishi ma’lum qilindi. Vazirlik va idoralar, hokimliklarga oliygoh va xususiy ta’lim tashkilotlari mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilib, xodimlarga chet tilini o‘rgatish va xorijiy tillarda ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Kelgusi yildan boshlab davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilishning majburiy talabi kiritilishi belgilandi. Chet tilini chuqur egallagan xodimlarning ish haqiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilash tartibi joriy etiladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari chet tilini o‘rgatishning asosiy bo‘g‘ini – maktablarda har bir tuman va shahar kesimida o‘qitish holatini chuqur tahlil qilib, aniq yechimlar topish zarurligini ta’kidladi. Jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadigan bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Ta’kidlash joizki, mazkur agentlik, eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashishi bilan sohada muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rganish borasidagi har bir maqsad-vazifa, ilgari surilgan tashabbuslar kelgusida har tomonlama yetuk kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Mamlakatimiz taraqqiyotiga zamin yaratadi. Shuningdek, biz soha vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Toshkent davlat yuridik universitetida ham xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bugunga qadar universitetimizda Nagoya universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda Yapon huquqini o‘rganish markazi tashkil etildi. Ushbu markaz o‘z faoliyati bilan yapon tili va huquqi haqidagi bilimlarga ega malakali yuridik kadrlarni tayyorlash, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy huquqiy tadqiqotlarni o‘tkazishga ko‘maklashib kelmoqda. Shuningdek, Regensburg universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan 2020 yilda nemis tili va huquqini biladigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan xitoy huquqini o‘rganish markazi tashkil etildi.
2020-2025 yillarda yetakchi yapon, nemis va boshqa chet ellik olimlarning yuridik fanlar bo‘yicha o‘quv adabiyotlari turkumini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar uri asosida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
bugungi taraqqiyot pallasi asosiy mutaxassisligi bilan birga xorij tillarini ham mukammal biladigan yuridik kadrlar yetishib chiqishini taqozo qiladi. Shunday ekan, yuridik ta’lim sohasida xorij tillarini mukammal o‘qitish, yoshlarga bu imkoniyatni yanada kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa, o‘z navbatida, TDYUUdagi xorijiy til mutaxassislari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada xorijiy tillar kafedramiz universitetning fakultet va kafedralari bilan o‘zaro hamkorlikda amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratyapti, universitet talabalarini xorijiy tillarni o‘rganishga keng jalb qilish, qiziqishlarini oshirish borasida yangi, zamonaviy, innovatsion metodlarni qo‘llashga harakat qilmoqda. Kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlarimiz davlat rahbari ilgari surgan qator tashabbuslar asosida yanada kengaytiriladi.
Oybek TOSHMATOV,
TDYUU xorijiy tillar kafedrasi mudiri