Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi «Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi tashkil etib kelinmoqda.
Ushbu tanlov xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish, o‘quvchilarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
Bu yilgi tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 19-23 avgust kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 1 tadan maktab, jami 14 ta maktab va 70 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu bosqichda milliy «Multilevel» testi vositasida ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Joriy yilda ilk bora nemis tili yo‘nalishida ham maktablar ushbu tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

«Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi an’anaviy tarzda 3 bosqichda tashkil etiladi. Bu yilgi tanlovda respublika bo‘yicha jami 6 ming 442 ta maktab qamrab olingan bo‘lib, jami o‘quvchilar 32 ming 210 nafarni tashkil etdi. O‘quvchilarning 30 ming 875 nafari ingliz tilidan, 715 nafari nemis, 620 nafari fransuz tilidan ishtirok etyapti.
Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shahar maktablari, jami 1 ming 40 nafar o‘quvchi tanlovning ikkinchi (viloyat) bosqichiga tavsiya etildi. Ulardan 205 ta maktab ingliz tili va 3 ta maktab nemis tilidan tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etdi.
Final bosqichida g‘olib bo‘lgan maktab – 500 million so‘m, 2-o‘rin sohibi – 400 million so‘m, 3-o‘rin uchun – 300 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlov g‘oliblari xorijga ta’lim sayohatiga ham yuborilishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yilgi tanlovda Namangan viloyati, Namangan shahri 7-son maktabi 1-o‘rinni, Toshkent shahri, Yashnobod tumani 145-son maktabi umumiy 2-o‘rinni, Buxoro viloyati, Buxoro tumani 1-sonli maktabi esa 3-o‘rinni egalladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 70 nafar o‘quvchi va ularning ustozlari Buyuk Britaniyada ta’lim sayohatiga borgan edi.
N.Usmonova,
O‘zA