Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z filmlarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasining turistik jozibadorligini filmlar orqali yanada oshirish tizimini keng joriy etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z filmlarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Xorijiy filmlarda O‘zbekiston Respublikasining turistik jozibadorligini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi vazifalarni amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratiladi:
2026-yil 1-noyabrga qadar xorijiy kinokompaniyalarga “rebate” dasturi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, mamlakatning kinolokatsiyalari, infratuzilmasi va kinoturizmga doir ma’lumotlar bazasini nazarda tutuvchi “Film in Uzbekistan” platformasini ishga tushirish;
mahalliy kinolokatsiyalarni xalqaro kino ko‘rgazmalarida targ‘ib qilish; xorijiy kinokompaniyalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tasvirga olish ishlariga jalb qilish, ularga filmlarni ishlab chiqarishda ko‘maklashish va “rebate” dasturini amalga oshirish jarayonlarida tashkiliy va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
xorijiy filmlarda O‘zbekistonning turistik jozibadorligini namoyish qiluvchi qismini yaratish (“country placement”) dasturini amalga oshirish.
Turizm qo‘mitasi:
2026-yil 1-oktabrga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda vazirlik va idoralar, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy hokimliklarga tegishli, filmlarni tasvirga olish uchun jalb etilishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar (madaniyat va istirohat bog‘lari, tarixiy yodgorliklar va boshqalar) hamda rekvizitlar (tarixiy liboslar, anjomlar, maxsus texnika va boshqalar) ro‘yxati shakllantiradi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat ob’ektlari va rekvizitlarini xorijiy kinokompaniyalar yoki ularga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy servis kompaniyalariga vaqtincha foydalanish hamda ijaraga berishning tartibi va tariflarini tasdiklaydi;
b) ob’ektlar, rekvizitlar va tariflar to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar “Film in Uzbekistan” platformasiga joylashtiriladi hamda ularning doimiy yangilab borilishi ta’minlanadi.
Madaniyat vazirligi 2026-yilda respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Turizm qo‘mitasiga xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston hududida kinofilmlar ishlab chiqarish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
2027-yildan boshlab mazkur mablag‘lar Turizm qo‘mitasining prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq Davlat byudjetidan ajratiladi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarining bir qismini qaytarish (“rebate”) tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarining bir qismini qaytarish nazarda tutilgan xarajatlar summasi:
3 mlrd so‘mgacha bo‘lsa - 10 foiz;
3 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha bo‘lsa - 15 foiz;
5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lsa - 20 foiz;
10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lsa - 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
O‘zA