Xorijiy jurnalistlar Xitoy qishloq xo‘jaligi yutuqlari bilan tanishdi
Bir guruh xorijlik jurnalistlar Xitoy shimoli-sharqidagi Xeylunszyan muzofotida bo‘lib, fermer xo‘jaliklaridan birida "aqlli" qishloq xo‘jaligi texnologiyalari qo‘llanishi jarayonini suratga oldi.
“Sinxua” axborot agentligi xabar berishicha, dalalardagi uchuvchisiz o‘rim-yig‘im mashinalari, pastlig-u balandlikda qo‘riqchilik qilayotgan dron, tuproq namligi, qishloq xo‘jaligi texnikasi harakat yo‘nalishi va ish jarayoni haqidagi ma’lumotlar hamkasblarimizda katta qiziqish uyg‘otgan. Raqamli qishloq xo‘jaligini boshqarish markazi ulkan ekranida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilgan hosilni yig‘ib olish manzarasi texnologik jihatdan mukammalligi bilan xorijiy OAV muxbirlarida o‘ziga xos taassurot qoldirdi.
27-30-sentabr kunlari AQSH, Belarus, Qozog‘iston, Kuba, Singapur kabi davlatlardan 30 ga yaqin jurnalist Chin yurti “g‘alla koni» sifatida tanilgan hudud bilan yaqindan tanishdi.
Xarbin va Szyamusa shaharlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, «aqlli» qishloq xo‘jaligi ko‘rgazma zonasida bo‘ldilar.N«Heilongjiang Huida Technology Co., Ltd.» korxonasida jurnalistlar mahalliy darajada ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va yechimlari - dronlardan tortib aqlli sug‘orish tizimlarigacha ko‘plab mamlakat va mintaqalarga eksport qilinayotganini ko‘rib, hayratda qolishdi.
1000 gektarlik fermer xo‘jaligining chekkasida ular haydovchisiz o‘rim-yig‘im mashinalari aniq belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha qanday ishlayotganini, o‘simliklarni himoya qilish uchun dronlar dalalarni qanday patrul qilayotganini va raqamli qishloq xo‘jaligi platformasi dalalardagi vaziyatni real vaqt rejimida qanday kuzatib borayotganiga guvoh bo‘ldilar.
Singapurning «The Straits Times» gazetasidan Yu Lun Tyan bugungi kunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ko‘plab bosqichlarini mobil telefon orqali nazorat qilish va boshqarish mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik fermerlar endi faqat jismoniy mehnatga tayanmay, unumdorlikni oshirish uchun texnologiyalardan tobora ko‘proq foydalanmoqda.
Belarus Respublikasi Milliy davlat teleradiokompaniyasi xodimi Yaroslav Danilenko sun’iy intellektning qishloqlardagi rolidan hayratda qoldi.Hozirgi vaqtda Xitoyda yillik don ishlab chiqarishning asosini tashkil etuvchi kuzgi don ekinlari o‘rim-yig‘imi olib borilmoqda. Xitoy Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini modernizatsiya qilish sohasidagi izchil taraqqiyot tufayli Xitoy 2026-yilda rekord darajadagi don hosili olishi mumkin.
Oziq-ovqat xavfsizligi uzoq vaqtdan beri dunyo aholisining deyarli beshdan bir qismini oziq-ovqat bilan ta’minlaydigan Xitoy uchun ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Biroq, geosiyosiy noaniqlik va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi fonida barqaror oziq-ovqat ta’minotini ta’minlash tobora murakkablashib bormoqda.
To‘siqlarga qaramay, Xitoyda 2024 va 2025-yillarda yillik don ishlab chiqarish hajmi 700 million tonnadan yuqori darajada saqlanib qoldi. Aholi jon boshiga don bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi 500 kg dan oshdi, bu o‘rtacha jahon darajasidan yuqoridir. Erishilgan natijalardan so‘ng, Xitoy qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish rejasini e’lon qildi.
A. Mamatov, O‘zA