Xorijiy investitsiyalar hajmi ortmoqda
Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri hududidan qazib olinayotgan marmar toshlar shuhrati butun dunyoga mashhur. G‘ozg‘on marmari zangori, sarg‘ish, qora-sariq, bulutsimon va yana bir qancha ranglarda uchraydi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Qarshi, Termiz shaharlaridagi bino va maqbaralar, shuningdek, Agradagi Boburiylar qurgan Tojmahal ansamblidan tortib, Moskvadagi bir qancha muzeylar, Vetnamdagi Xo Shi Min mavzoleyi hamda poytaxtimizdagi qator metro bekatlarini bezatishda aynan G‘ozg‘on marmar toshlaridan foydalanilgan.
Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on qishlog‘ini shaharga aylantirish, mamlakatimizda tabiiy pardozbop toshlarga bo‘lgan talab yil sayin ortib borayotganligi sabab ushbu hududda tabiiy toshlarni qazish va qayta ishlash bo‘yicha korxonalar tashkil etish taklifini bildirgan edi.
Bugungi kunda hududda marmar va granit plitalarni ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
“THE STONE HUB” MCHJ XK tomonidan “Marmar va granit plitalarni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi ham ana shunday loyihalardan biridir.
[gallery-17804]
Loyihaning umumiy qiymati 10 million dollarni tashkil etib, Hindistonning “AA JAFAR TRADING” LLC korxonasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilmoqda.
– Korxonamizda mahalliy xom ashyodan turli hajmdagi tayyor marmar plitalar ishlab chiqaramiz, – deydi korxona mas’ul xodimi Babulal Baxadur. – Ayni paytda G‘ozg‘on shahri hududida o‘z karerimiz mavjud. Korxonamiz yiliga 30 ming metr kvadrat mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarish uskunalari Italiya va Hindistondan olib kelingan. Bu yerda 30 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Hozirda mahsulotlarimizni mahalliy xaridorlarning talablari asosida turli o‘lchamlarda yetkazib bermoqdamiz. Kelgusida eksportga yo‘naltirish choralarini ko‘ryapmiz.
2024 yilda G‘ozg‘on shahrida 10 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va xorijiy kreditlar o‘zlashtirish belgilangan. Shuningdek, Hukumat komissiyasining topshirig‘iga asosan joriy yilda 50 million dollardan kam bo‘lmagan qo‘shimcha xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi belgilangan bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish hisobiga amalga oshiriladigan qiymati 66,5 million dollarlik 3 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari