Xorijiy delegatsiya Buxoroda
Butunjahon hojatxonalar tashkiloti (WTO) asoschisi va direktori Jack Sim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buxoroda bo‘ldi.
Mehmonlarni Buxoro temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov kutib oldi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan sanitar-gigiyenik shoxobchalar holatini o‘rgandi. Xususan, nogironligi bo‘lgan sayohatchilar uchun hojatxonalarda yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud imkoniyatlar hamda kamchiliklar ko‘zdan kechirildi. Jack Sim Buxorodagi sanitar-gigiyenik shoxobchalarni inklyuziv turizm uchun moslashtirish, ulardagi qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Bundan tashqari, mehmonlar Buxoroning tarixiy markazida joylashgan Ark qal’asi, Poyi-Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Labi Hovuz ansambli, shuningdek, mahalliy hunarmandchilik markazlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Ma’lumot uchun, Butunjahon hojatxonalar tashkiloti (World Toilet Organization – WTO) 2001 yilda Jack Sim tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning bosh ofisi Singapurda joylashgan. Tashkilotning asosiy maqsadi dunyo bo‘ylab hojatxona va sanitariya sharoitlarini yaxshilashdir. Hozirda tashkilot 53 mamlakatda faoliyat yuritadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.