Ko‘pincha qarzdor jismoniy shaxs xorijga chiqishi paytida ba’zi bir cheklovlarga duch keladi. Xo‘sh, bunday holatga tushmaslik uchun qanday yo‘l tutish kerak? Cheklovni tezda olib tashlasa bo‘ladimi? Bu boradagi savollarga Toshkent Davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.
– Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash tartibi haqida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunga asoslangan holda tushuntirish berib o‘tsak.
«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 42-1 moddasiga ko‘ra sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli, bundan jarima tariqasidagi jinoiy jazo bo‘yicha ijro ishini yuritish hollari mustasno.
– O‘rnatilgan cheklov haqida qarzdor xabardor qilinadimi?
– Albatta, chunki bu qonun talabi. Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi ma’lum bo‘lsa), ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.
– Ijro hujjati bo‘lmasa ham jismoniy shaxsni chetga chiqishiga taqiq qo‘ysa bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, faqat sud orqali. Chunki qonun talabiga ko‘ra agar ijro hujjati sud hujjati bo‘lmasa va sud hujjati asosida berilmagan bo‘lsa, undiruvchi qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni belgilash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
– Chetga chiqishni cheklash haqidagi qaror ustidan shikoyat qilinmaydimi?
– Shikoyat qilsa bo‘ladi. Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin.
– Qaysi holatda cheklov olib tashlanadi?
– Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashga asos bo‘lgan ijro hujjatining talablari amalda ijro etilganda yoxud u bo‘yicha ijro ishi yuritish qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra tugatilganda yoki tamomlanganda, davlat ijrochisi keyingi kundan kechiktirmasdan qarzdor jismoniy shaxsni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
– Aliment oldindan to‘langan bo‘lsa ham taqiq yechilishi mumkinmi?
– Mumkin. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslarni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Bunda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.
Eslatib o‘tish lozimki, qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni ta’minlash yuzasidan davlat ijrochilarining, ichki ishlar organlari va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarining hamkorligi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA