Xorijda ishlash istagidagi yoshlar uchun yangi imkoniyat
Toshkent shahrida o‘tayotgan Xalqaro migratsiya forumi doirasida xorijda mehnat qilish niyatida bo‘lgan fuqarolarni zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitishga ixtisoslashgan “Intil” xalqaro ta’lim majmuasi faoliyatiga start berildi.
Loyiha tashqi mehnat bozorida talab yuqori mutaxassislarni tayyorlash, amaliy ko‘nikmani rivojlantirish va xalqaro standartga mos kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.
Majmua tarkibida 600 o‘rinli auditoriyalar, 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari, 120 o‘rinli imtihon maydoni hamda 400 o‘rinli yotoqxona bor. Shuningdek, fuqarolar uchun konsalting, hujjat rasmiylashtirish, bank, aviakassa va viza xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bu yerda hamshiralik, payvandchilik, santexnika, elektrotexnika, mexatronika, yuk mashinasi haydovchiligi, “HoReCa” va oshpazlik yo‘nalishlarida amaliy tayyorgarlik kurslari tashkil etilgan. Tinglovchilar nemis, yapon, koreys, rus, ingliz, italyan va fransuz tillarini o‘rganish imkoniga ega.
O‘quv jarayoni xalqaro talab asosida tashkil qilinib, ÖSD, J-CERT, EPS TOPIK kabi xalqaro sertifikat imtihonlariga tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratiladi.
[gallery-29485]
Tashabbus “Recrud Med”, RRG, “Bilding und Beruf”, “SBH West”, “Onodera” va “KIA Auto Q” kabi xorijiy ish beruvchilar hamda rekruting tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Forumda ishtirok etgan AQSHning “USA Farm Labor” kompaniyasi rahbari Manuel Fik O‘zbekistonda tashkil etilayotgan bunday markazlar mehnat migrantlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:
– AQSHga boradigan xodimlar uchun asosiy qiyinchiliklardan biri – ingliz tilini bilmaslik. Fermerlarimiz texnikani boshqara oladigan, shu bilan birga ingliz tilida muloqot qila oladigan ishchilarga ehtiyoj sezadi. Shu jihatdan bunday markazlar odamlarni yaxshi tayyorlashga xizmat qiladi. Kompaniyamiz 23 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasi uchun turli davlatlardan ishchi kuchi jalb qilib keladi. Asosiy yo‘nalishimiz – H-2A dasturi orqali mavsumiy mehnat migratsiyasini tashkil etish.
O‘zbekistonliklar Amerikada dehqonchilik, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligi, agrotexnika va fermerlik xizmati bo‘yicha faoliyat yuritishi mumkin. Shuningdek, yirik traktor va kombaynlarni boshqarish, ekinga kimyoviy ishlov berish yo‘nalishlariga ham ehtiyoj kuchli.
Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad – fuqarolarni mavsumiy ishlatib, keyin yurtiga qaytarish. Agar ish beruvchi xodim faoliyatidan mamnun bo‘lsa, kelajakda “grin karta” uchun homiylik qilishi mumkin.
Darvoqe, majmuada tinglovchilar xorijdagi mehnat muhitiga moslashuv, qonunchilik, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va psixologik tayyorgarlik bo‘yicha maxsus kurslarda ham qatnashadi.
Mutaxassislar fikricha, “Intil” kabi majmualar fuqarolarni xorijga tayyorgarliksiz yuborish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, tizimli yondashuvni shakllantirishga ko‘maklashadi. Zero, til bilimi, kasbiy sertifikat va huquqiy savodxonlik mehnat migrantlari raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil sanaladi.
Yangi tashabbus yoshlarni raqobatbardosh kasb va til ko‘nikmasi bilan ta’minlash, ularning munosib ish topishi hamda barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga xizmat qilishi kutilyapti.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA