Kimdadir OIV infeksiyasi yoki OITS aniqlanganini eshitsak, aksariyatimiz darrov tahlikaga tushib, qo‘rqib, infeksiya aniqlangan insonga nisbatan munosabatimizni o‘zgartiramiz.
Agar OIV infeksiyasi nima ekanligini, u aniqlanganda qanday chora-tadbirlar qo‘llash kerakligini bilsak, bunday holat kuzatilmaydi. Shuningdek, kasallikning yuqishi va undan himoyalanish yo‘llarini bilish har birimiz uchun zarur.
Xo‘sh, OIV o‘zi nima, OITS qanday kasallik? U qayerdan, nimadan, qanday yo‘llar bilan yuqadi? Mamlakatimizda bu borada epidemiologik vaziyat qanday?
O‘zA muxbiri ana shu savollar bilan Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Vinera Barotovaga yuzlandi.
– OIV – odamning orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi. Bu virus keltirib chiqaradigan kasallik OITS, deyiladi, – deydi Vinera Barotova. – OIV infeksiyasi asosan, uchta yo‘l orqali yuqadi. Birinchi o‘rinda, afsuslar bo‘lsinki, bu himoyalanmagan betartib jinsiy aloqa orqali yuqadi. bugungi kunda Respublikada va Toshkent shahrida OIV infeksiyasining mana shu yo‘l bilan yuqishi 75 foizni tashkil qiladi.
Ikkinchi yuqish yo‘li: teri va shilliq qavatlar butunligining buzilishi orqali. Ya’ni inson tibbiy va notibbiy muolajalar olganda yuqadi.
Stomatologga borganda, akusherlik-ginekologik komplekslarda, jarrohlik muolajalari o‘tkazilganda, tomchilab quyiladigan dorilar va shpritslar bilan muolajalar qilinganda, sterillanmagan yoki bir marotaba ishlatiladigan tibbiyot anjomlari qayta-qayta ishlatilganda OIV infeksiyasi yuqishi mumkin.
2014-2015-2016 yillarda parenteral yuqish yo‘llari 18-20 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5-6-7 foizdan oshmayapti. Ammo bari bir bunday holatlar shu bugungi kungacha aniqlanib turibdi.
Xotin-qizlarimiz go‘zallik salonlarida qoshlarini chizdirishi, «rastushovka», tirnoqlarini «pedekyur», «manikyur» qildirishi hamda har xil plastik operatsiyalar natijasida OITS kasalligini yuqtirib olishi mumkin.
Bunday xizmat ko‘rsatiladigan joylarda har bir keladigan mijoz uchun aslida alohida jamlanma bo‘lishi kerak. Ammo juda ko‘p go‘zallik salonlarida bir kunda 50 ta mijoz qabul qilinsa, ularning 50 nafariga ham bitta jamlanmadan foydalaniladi. Agar ular orasida organizmida OIV yoki boshqa qon orqali parenteral yo‘l bilan yuqadigan infeksiya, misol uchun, virusli gepatit B va virusli gepatit S bo‘lgan mijoz bo‘lsa, unga ishlatilgan asbob-uskunalarni boshqalarga ham ishlatish orqali kasallik tarqaladi.
Uchinchi yuqish yo‘li, bu – OIV infeksiyali onadan bolaga yuqishi. Davlatimiz tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bu yo‘l bilan yuqish sezilarli darajada kamaygan.
2010-2012 yillarda OIV infeksiyali onalardan tug‘iladigan bolalarning 5-6 foiziga OIV infeksiyasi yuqqan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 0,2 foizni tashkil qiladi.
Bu ham bo‘lsa, ayrim OIV infeksiyali onalarning homiladorligini yashirib, dispanser nazoratida turmasdan yoki shifokorlar tavsiyasini bajarmasdan tug‘ruqni amalga oshirishi natijasidadir. Ularning aksariyati «homilador bo‘lib qoldim, shifokorlar abort qildirgin, degan tavsiyani beradi» degan tushunchada shifokorlardan qochib yuradi.
Ayollarimiz homiladorlikni sezishlari bilan oilaviy poliklinikaga borib, dispanser nazoratida turishlari kerak. Homila 8 haftaligidan boshlab, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida ayol hamma tomonlama tekshiruvdan o‘tadi.
Homilador ayolda OIV infeksiyasi aniqlanadigan bo‘lsa, OITSga qarshi kurashish markazlarida dispanser nazoratiga olinib, OIV infeksiyasini chaqiruvchi retrovirusga qarshi dori preparatlari bilan davlat tomonidan bepul tarzda ta’minlanadi.
Ana o‘shalar shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra qabul qilinib, barcha tavsiyalarga amal qilishsa, sog‘lom bolani dunyoga keltiradi.
Bolaga tug‘ilishi bilan 28 kun davomida retrovirusga qarashi sirop shaklidagi dorilar ichiriladi. Eng asosiy profilaktik tadbirlardan biri, bu – onalar bolalarini ko‘krak suti bilan emizmasligi.
Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan tegishli qarori asosida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarga to olti oylikkacha, ya’ni qozon ovqatga o‘rgatish mumkin bo‘lgunga qadar quruq sut mahsulotlari bepul tarzda berib boriladi.
Mehnat muhojirlari o‘rtasida yildan-yilga OIV infeksiyasi aniqlanishi ko‘payib bormoqda. Ular munosib bo‘lmagan turmush sharoitida yashashi oqibatida, turli yo‘llar bilan nafaqat OIV, balki boshqa infeksiyalarni yuqtirib kelib, keyinchalik oilasiga, yaqinlariga yuqishiga sababchi bo‘lib qolmoqda.
Shuning uchun xorijdan ishlab qaytgan yurtdoshlarimizga, ularning turmush o‘rtoqlari, ota-onalariga shu narsani iltimos qilib qolardikki, mehnat muhojirligidan uyga qaytganda, har bir inson oilaviy poliklinikaga chiqib, tibbiy ko‘rikdan o‘tsin.
OITS – bedavo dard. Ammo ushbu kasallikka chalinganlar ham shifokorlar tavsiyasiga amal qilib, sog‘lom odamdek hayot kechirsa bo‘ladi.
Xalqimizda "Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshi", mazmunidagi purma’no gaplar bor. Ana shu naqlga amal qilgan holda ish tutish – eng to‘g‘ri yo‘l.
Darhaqiqat, OIV, OITSga chalinmaslik uchun ham kerakli bilimga ega bo‘lish va unga amal qilish har birimizni bedavo dardga yo‘liqishdan asraydi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/JEv9fqkvPd4" title="Хорижда ишлаб келаётган юртдошлар орасида ОИТС юқтирганлар кўпаймоқда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Mohigul Qosimova,
O‘zA