Xorij kompaniyasi vakillari Ohangaronda
Prezidentimizning 2022 yil oktyabr oyidagi Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida bir qator kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga asosan ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib turgan Vengriya davlatining “Bonafarm Group” va “Kite Group” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent viloyatining ayrim hududlarida bo‘ldi.
Dastlab mehmonlarga Ohangaron tumanidagi “Gulobod” MFY hududida joylashgan yer maydoni tanishtirildi. Ushbu joy “4R15 Krasnogorsk-Parkent” yo‘lining 8 kilometrida joylashgan bo‘lib, A-373 avtomagistralidan 6 kilometr ichkarida, klasterni tashkil etish uchun qulay joy hisoblanadi. Shuningdek, investorlarga tumanning iqlim sharoiti, imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Vengriyalik hamkorlar taklif etayotgan loyihaning umumiy qiymati 400 million dollar bo‘lib, birinchi bosqichda 250 million, ikkinchi bosqichda esa 150 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 100 gektar yer maydonida 10 ta parrandachilik kompleksi barpo etilib, parranda yetishtirishdan boshlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon qamrab olinadi.
Do‘stona ruhda kechgan dastlabki muzokaralardan so‘ng, chet ellik hamkorlar loyiha uchun taqdim etilgan takliflarni iliq qabul qildi. Bu bo‘yicha muzokaralar hali davom ettiriladi.

Mehmonlar Piskent tumanidagi “Saxovat broyler” MCHJ faoliyati bilan tanishish chog‘ida parrandachilik sohasi istiqbollari, mahsulotlarni qayta ishlash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va ikki tomonlama foydali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Qibray tumanidagi uzumchilik va uni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi "Uzum uz" fermer xo‘jaligi bilan tanishgan mehmonlar ekoturizmni rivojlantirish borasidagi ishlarga katta qiziqish bildirdi.
Ma’lumot uchun “Bonafarm Group” kompaniyasi 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, chorvachilik, vinochilik, yem-xashak yetishtirish, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan yetakchi korxonalarni birlashtirgan.
A.Musayev,
O‘zA.