Xoreografiya yo‘nalishida noyob tadqiqot (+video)
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida tashkil etilgan tadbir odatdagidek sokin o‘tayotgan edi. Biroq davraga milliy kiyimlarda, nafis harakatlari bilan musiqa ohanglariga mos va uyg‘unlikda maromiga yetkazib raqs tushayotgan qizlar e’tiborimni tortdi.
Bir qarashda bu qizlar musiqadan zavqlanib raqs tushayotganga o‘xshaydi, biroq ular uning jo‘shqin sadolarini eshitmaydilar, balki his qiladilar. Eshitishda nuqsoni bo‘lgan raqs guruhi ijrosidagi ushbu sahna ko‘rinishi Toshkent shahridagi turli oliygohlardan saralab olingan talaba qizlar tomonidan mahoratli ijro qilindi va ko‘pchilikning hayratini oshirdi.
“28 sentyabr – Xalqaro karlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida tashkil etilgan tadbirda eshitishda va so‘zlashuvida nuqsoni bo‘lgan shaxslar o‘rtasida raqs orqali idrok etib, harakatlarni boshqarish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari namoyish qilindi. E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishda hali tadqiqot olib borilmagan edi. Mazkur toifaga kiruvchi talabalarda musiqani idrok qilib, xuddi uni eshitayotgandek his qilish metodikasi akademiya bo‘lim boshlig‘i va ilmiy tadqiqotchisi Shahnoza Xudoynazarova tomonidan yaratildi.
Professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari ishtirokidagi taqdimot marosimida tadqiqotchining izlanishlari e’tirof etildi. Loyihaning noyobligi tufayli eshitishida nuqsoni bor minglab insonlarda umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Yaqin kunlarda xorijiy davlatlarda ham mazkur ansanblning milliy qo‘shiqlarimiz ijrosidagi go‘zal va nafis raqslari namoyish qilinadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kWO52Gd22vU" title="Xoreografiya yo‘nalishida noyob tadqiqot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA