
Yurtimizda har bir viloyatning, hatto tuman yoki qishloqning o‘ziga xos non yopish san’ati bor.
Bu nonlar ko‘rinishi, hajmi, hid va ta’mi, shuningdek, tayyorlanishiga qarab farqlanadi.
Tandirda non yopish qadimiy an’ana, urf-odat. Non yopish san’ati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu san’at asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘zbeklar nonni muqaddas deb bilishadi, ko‘zga surtishadi. Nonni bizchalik e’zozlagan xalq dunyoda bo‘lmasa kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra Xorazm vohasida qadimgi aholi olovdan foydalanishni bilmaydigan davrlarda ham non pishirib yegan. Ular kun davomida oftob taftida yaxshilab qizigan harsang tosh ustiga yupqa xamirni yoyib qo‘yish orqali non tayyorlagan. Hozirda ham xorazmlik ayrim uy bekalari yaxshilab qizitilgan tovaning ustida yog‘dan foydalanmagan holda shunday non tayyorlashadi. Uning nomini “Chalpak” deb atashadi. “Chalpak non” ko‘rinishidan hozirgi kunda “fast fud” sanoatida keng tarqalgan “Lavash” nonini eslatadi.
Biroq, ushbu maqola aynan “Chalpak” haqida emas, balki dunyoda faqat bitta joyda tayyorlanadigan Xorazm “Durvadik patir”i xususida.
Ijodiy jamoamiz bilan Xorazm viloyatining Pitnak shaharidan xizmat yuzasidan berilgan topshiriqlarni ado etgach, Urganch shahriga yengil avtomashinada qaytdik. Tushlik vaqti allaqachon o‘tib ketgan, manzilgacha esa qariyb bir yarim soat yo‘l bosish lozim. Masofaning yarmi bosib o‘tildi. Biroq ochlik tinkani quritdi. Yo‘ldan tamadi uchun ul-bul olib, yeb ketishga qaror qildik.
Yon atrofga boqsam, Bog‘ot tumanidan chiqib, Xonqa tumaniga kirayotirmiz. Ana shu paytda bundan bir necha yil oldin shu yerdan o‘tayotganimizda keksa tog‘amning “Durvadik patir”i haqida aytgan gaplari yodimga tushdi:
– “Jiyan, bir o‘tganingda shu yerda to‘xtab, “Durvadik patir”dan ta’tib ko‘r. Mazasi og‘zingda qoladi. Ishonasanmi, yo‘qmi?! “Durvadik patir”lari faqatgina shu yerda, Xonqa tumanining Durvadik va unga yondosh Olaja qishlog‘idagina yopiladi. Boshqa joylarda ham ushbu patirni yopish mumkin. Lekin, uning ta’mi va mazasi bu yerdagiday bo‘lmaydi.”
Ijodiy jamoamiz bilan Olaja qishlog‘i “Oydin hayot” mahallasida faoliyat olib borayotgan novvoyxonaga kirdik. Kirishimiz bilan tandirdan yangi uzilgan nonning hidi dimog‘imizga urildi. Non yopayotgan ayolning yuzlari ham nonlari kabi qizargan. Ular bizni ko‘rishlari bilan nondan uzatishdi.
Ichiga qo‘y va mol yog‘i, go‘sht, piyoz yana qandaydir masalliqlar solingan, diametri tahminan 30-35 santimetr, qalinligi bir santimetr ham chiqmaydigan, yupqa qilib yoyilgan patirning ta’mi juda o‘zgacha. Eng qizig‘i ushbu patirni tanovvul qilish chog‘ida suv, choy kabi ichimliklar yoki suyuqliklarga ehtiyoj sezilmaydi. Yegan sari yeging kelaveradi. Biz ham och qoringa uni bir zumda paqqos tushirdik. Novvoyga non uchun pul uzatsak unamadi. Keyin bilsak bu yerda birinchi nonga mehmondorchilik yuzasidan haq olinmas ekan. Keyin, esa yana ikkita patirni sotib olib, yedik. Qorin to‘ygach novvoyxona faoliyati, “Durvadik patir”ning tarixi bilan qiziqdik.
– Ayni kunda novvoyxonamizda to‘rtta ayol doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, navbati bilan ikkita novvoy almashib ishlaydi, –deydi yakka tartibdagi tadbirkor Ra’no Jarasbayeva. – To‘rtta an’anaviy Xorazm tandirlarimiz bor. Ularda asosan “Durvadik”, “Go‘shtli”, “Jizzali”, “Qatlama” patirlar, piyozli non, qovoqli non, qizil non va “cho‘rak” nonlarini tayyorlaymiz.
Asosiy xaridorlarimiz viloyatimizning turli hududlaridagi supermarket, do‘konlar va umumiy ovqatlanish maskanlari hisoblanadi. Shuningdek, to‘y va bazmlar uchun ham buyurtma asosida non mahsulotlarini tayyorlab beramiz. Aholi, mahalliy va xorijiy sayyohlar esa bevosita shu yerning o‘zida patirlarimizdan tanovvul qilishlari mumkin. “Durvadik patir”ini tayyorlashni keksa momolarimiz o‘rgatishadi. Lekin, uning tayyorlashda ayrim jihatlariga juda e’tiborli bo‘lish lozim. Afsuski, buni oshkor eta olmayman. Patirning mashhurlik siri ham shunda.
Novvoy opalarni har qancha gapga tutmaylik, “Durvadik patir”ning sirini aytishmadi. Chunki, ushbu sirni qishloq ayollari bir necha asrlardan buyon ajdodlardan avlodlarga juda qadrli meros sifatida asrab kelisharkan.

Nachora. Bir olam taassurot va mavhumotlar bilan novvoyxonadan chiqdik. Oila a’zolarimizni ham ushbu patir mazasidan bebahra qolmasliklari uchun uyga ham sotib oldik.
Muxtasar aytganda, non yopish san’atining o‘zi ham tariximiz, madaniyatimizning yuksak ekanligini ko‘rsatib turibdi. Milliy qadriyat va an’analarimizni yanada kengroq targ‘ib qilish, Xorazmning ajabtovur patirlari, go‘shtli, qizil, qovoqli va zog‘ora nonlarini tayyorlash, xamirini qorish, zuvala qilish, nonni yasatish, tandirga olov yoqish va tandirda pishirish jarayonlarini mahalliy va xorijiy sayyohlarga ko‘rsatish, mahorat darslarini tashkil etish mamlakatimizda turistlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA muxbiri
Tahririyatlar diqqatiga: O‘zA Fototahririyatida ushbu materialga oid suratlar bor!