Mamlakatimizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va ular orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayogan “Yosh kitobxon” ko‘rik- tanlovining Xorazm viloyati bosqichi yakunlandi.
Tanlovning viloyat bosqichida quyi bosqichlarda qatnashgan 34 mingdan ortiq yoshlar orasidan saralangan 39 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.
–Muntazam ravishda tanlovda ishtirok etib kelayotgan kitobxonlar soni bu safar har yilgidanda ham oshgan. Quvonarlisi, farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelgan ota-onalarning salmog‘i ham ko‘paygan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Timur Jumaniyozov. – Ularning farzandlariga kitob o‘qishi uchun sharoit yaratish ota-onaning vazifasi, deb hisoblayotgani esa tanlovning chin ma’noda o‘z maqsadiga erishayotganini ko‘rsatadi. Mazkur tanlovda uchta yosh toifasi bo‘yicha ham g‘oliblarni aniqlash chindan ham hakamlarimiz uchun qiyin kechdi. Yosh kitobxonlarning bilimdonligini ko‘rib quvonmoqdamiz.
Uchta yosh toifasi bo‘yicha berilgan barcha kitoblarni o‘qigan kitobxonlar "Badiiy asarlar bilimdoni" , "Tezkor savol- javob" kabi shartlar bo‘yicha bahslashdi.
[gallery-21635]
15-19 yosh toifasidagi kitobxonlar o‘rtasida uchinchi o‘rinni bog‘otlik Maftuna Farhodova, ikkinchi o‘rinni gurlanlik Komila Zarifboyeva va birinchi o‘rinni shovotlik Dilnoza Ozodova egalladi.
–Tanlovda g‘olib bo‘lishimga sabab kitobdan olgan bilimlarim bo‘ldi, – deydi Dilnoza Ozodova. –Tanlovning atmosferasi yana ham ko‘proq mutolaa qilish ishtiyoqini uyg‘otdi. ota-onamning meni qo‘llab quvvatlashga kelgani menga katta kuch berdi. Menga kitob o‘qishim uchun sharoit yaratib bergan dadajonimga va to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatgan ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasi bo‘yicha yangiariqlik Bikajon Niyazmetova, 20-30 yosh toifasida esa Urganch shahridan Maftuna Ochilova g‘oliblar qatoridan joy olishdi.
– Bu tanlovda har yili ishtirok etaman, – deydi Maftuna Ochilova. –To‘rt yildan buyon muntazam uch marotaba respublika bahslarida qatnashdim. Bugun u 143 ball to‘plab, yana bir bor final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdim. “Bu yilgi tanlovda menga “Mutolaa” platformasi katta yordamchi bo‘ldi!”
Tanlovning hududiy bosqichi g‘olib va sovrindorlarning barchasi munosib rag‘batlantirildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari