Temir yo‘l mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ob’ekt hisoblanadi. Yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ayni sohada ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, yangidan-yangi elektropoyezdlar, zamonaviy turdagi yo‘lovchi vagonlari xarid qilinib, ko‘rkam dizayndagi temir yo‘l vokzallari barpo etilmoqda.
Bugungi kunda soha yo‘nalishida «Buxoro-Urganch-Xiva» temir yo‘li elektrlashtirilib, 960 kilometrlik himoya to‘siqlari o‘rnatildi va sun’iy inshootlar qurildi.
Bu yo‘lovchi tashishni yiliga 3 milliondan ziyod, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligini esa qariyb 6 million tonnaga oshirish imkonini beradi. Amalda esa yo‘lovchi tashish yiliga 500 ming nafar, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi esa 1 million tonnadan ziyodroq edi.

Mazkur yo‘nalishga Koreyaning «Xyunday Rotem» kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd olib kelinib, kelgusi yildan «Jaloliddin Manguberdi» nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi.
Natijada Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi.
Davlatimiz rahbari Xorazmga tashrif asnosida yangi tashkil qilingan zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini ko‘zdan kechirdi.

— Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida yangicha dizayn va uslubdagi barcha qulayliklarga ega zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini xarid qilish uchun Tiklanish va taraqqiyot hamda Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 150 million dollar imtiyozli kredit ajratildi, — deydi "O'ztemiryoo‘lyo‘lovchi" AJ bosh direktori o‘rinbosari Fozil Zaripov. — Shundan 50 million dollari yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan. Joriy yilning birinchi choragida esa dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni qurib bitkazildi. Vagonlar 4 ta platskart — har biri 54 ta o‘ringa mo‘ljallangan, 4 ta kupe — har biri 36 ta o‘ringa mo‘ljallangan. Shuningdek, 2 ta SV — har biri 18 ta o‘ringa mo‘ljallangan vagonlardir. Yangi tashkil qilingan vagonlar bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha 400 nafarga yaqin yo‘lovchini qulay sharoitlarda manziliga yetkazish imkoniyatini yaratmoqda.
Darhaqiqat, yo‘lga qo‘yilgan vagonlar konditsionerlar, beohojatxonalar hamda harakatlantirish imkoni bo‘lgan o‘rindiqlar bilan ta’minlangani alohida e’tiborga loyiq.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SICNvkYUEn4" title="Xorazmda tashkil etilgan zamonaviy yo`lovchi vagonlari barchani mamnun qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA