Xorazmda quyosh panellari ommalashmoqda (+vidеo)
Xorazm viloyatida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali viloyat hududida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlashga qaratilgan chora- tadbirlar olib borilmoqda.
Viloyatda kuyosh panellaridan foydalanish yanada ommalashmoqda. Shu o‘rinda rakamlarga e’tibor karatsak. O‘tgan 2024 yilda Xorazm viloyatida 3 mingdan ortiq ob’ektga 60 ming MVT dan ortiq kuyosh paneli o‘rnatildi. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 227 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 1411 ta aholi xonadoni, 680 ta tadbirkorlik sub’ektiga quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Bu borada viloyat bojxona boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan yangi o‘rnatilgan quyosh panellarini monitoring qilish ishlari olib borilmoqda.
– Viloyatimizdagi tuman, shahar hokimliklari va tegishli tashkilotlar tomonidan “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan 55,7 megavatt bo‘lgan quyosh panellari to‘liq monitoringdan o‘tkazildi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi bosh inspektori Ikrom Matniyozov. – 2023 yilda viloyatda 25,7 megevatt quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 30 megevatni tashkil qildi. Bu kabi ishlar joriy yilda ham jadal olib borilmoqda va monitoringi yuritilayapti.
Bugun hayotiy ehtiyojlarning o‘ziyoq yashil energiyaga o‘tishimizni taqozo etmoqda. Kuvonarlisi, muqobil manbalardan elektr energiya olish istagidagi yurtdoshlarimiz soni ortib bormoqda.
[gallery-21454]
Jumladan, Gurlanda ayni paytda sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshotlariga quyosh panellari o‘rnatilganligi tufayli 34 ta ob’ektda qariyb 1,3 megavatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
– Dalalarni suv bilan ta’minlovchi nasos stansiyalarimiz elektr tarmoqlariga paralel ravishda muqobil energiyaga ham ulangan, – deydi tumandagi “Inoyat-maxsum” fermer xo‘jaligi rahbari Farhod Inoyatov. – Quyosh tushishi uchun qulay joyga o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilayotgan elektr toki nasoslar tingan paytda davlatga sotiladi. Bu esa fermer xo‘jaligimiz uchun qo‘shimcha daromad degani. Sarflagan mablag‘imiz ikki yilning ichida qoplanib, daromad qila boshladik. Quyosh panelidan olgan daromadimizni fermer xo‘jaligimizni yanada rivojlantirishga sarflamoqdamiz.
Xabaringiz bor, endilikda aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu imkoniyatdan gurlanliklar allaqachon foydalana boshlashgan.
Tumanda aholi xonadonlariga 250 ta quyosh paneli va 13 ta geliokollektor o‘rnatilgan bo‘lib, bu ishlar yana davom etmoqda. Xonadon egalarining so‘zlariga ko‘ra, ular ayni damda xonadonda ishlatiladigan energiyaga pul sarflashni to‘xtatishgan. Aksincha, ortib qolganini davlatga sotib, daromad ham qilishmoqda.
Serquyosh o‘lkada yashaymiz, shuni hisobga olib, tabiatning ushbu ne’matidan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishda unumli foydalanishimiz kerak. Yashil energetikaning taraqqiy etishi bugungi sharoitda mamlakat energetika tizimiga tushayotgan ulkan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bfQRM789Z9k" title="Xorazmda quyosh panellari ommalashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari