Yurtimizda har yili oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Bu albatta juda katta resurs. Buning natijasida kichik biznes rivojlanmoqda. Xususan, Xorazm viloyatida ham.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari soni 2016 yilda 10 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 40 mingtaga yetib, 4 barobarga oshdi. Ular mahalliy byudjetga qo‘shadigan tushumning 60 foizini tashkil qilib, band aholining 88 foizi ushbu sohada daromad topib kelmoqda.
Iqtisodiyotda oilaviy biznes yo‘nalishi mamlakatimizda aholining tadbirkorlik faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Chunki, bunda oilaning har bir a’zosi biznes yuritishni o‘rganib boradi. Farzandlarning tadbirkorlik qobiliyati rivojlanadi. Oilaviy biznes avloddan avlodga o‘tib, uzluksiz rivojlanishi mumkin. Bunda an’anaviy ish uslublari va mijozlar bazasi saqlanib qoladi.
Viloyatda oilaviy korxonalar soni 2023 yilda 400 tani tashkil etgan. 2024 yilda hududda jami 7 mingga yaqin korxona ochilib, shundan 841 tasi oilaviy korxona hisobiga to‘g‘ri kelgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 385 ta yangi oilaviy korxona ish boshlagan.
–Oila a’zolari yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin, – deydi Xorazm viloyat soliq boshqarmasi mutaxassisi Murodbek Karimov. – Agarda yillik daromadi 100 million so‘mdan kam bo‘lsa, qat’iy belgilangan miqdorda yoki jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida daromad solig‘ini tanlab, to‘lashi mumkin. Yillik daromadi 100 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliq, 1 milliard so‘mdan oshsa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi. Shuningdek, 5 nafargacha doimiy xodimni ishga olishi mumkin. Yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlar esa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosi oyiga 412 ming, oilaning 18 yoshga to‘lgan boshqa a’zolari oyiga 206 ming so‘mdan ijtimoiy soliq ham to‘laydi.
Tadbirkorlik faqat pul topish emas, balki mas’uliyat, harakat va yangilik yaratishdir. Oilada biznes muhitni yaratish uchun esa oila a’zolarini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularda mas’uliyat, alohida intizom, innovatsion fikrlash va hamkorlik muhitini shakllantirish zarur bo‘ladi.
– Korxonamizda adras, atlas, ipak, shoyilardan milliy liboslar tayyorlanib, bundan buyurtmachilar, mijozlar yanada mamnun bo‘lishmoqda, – deydi “Urganch milliy tikuvchilik” oilaviy korxonasi rahbari Feruza Hasanova. – Chunki, tikuvchilar har bir libosni yuksak mahorat bilan tayyorlamoqda. Bizda “ustoz – shogird” an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yangiliklarni izlab topish, yangi dizaynlarni yaratish kundalik faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirmoqda. Ushbu yildagi rejalarimiz yanada keng qamrovlidir. Oilaviy korxonamizda ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechak va liboslarga chet ellardan ham buyurtmalar tushadi. Ayniqsa, viloyatimizga kelgan mehmonlarning do‘konimizga tashrifi kundan kunga ortib bormoqda.
Yangiariq tumanidagi “Dovrug‘” oilaviy korxonasi esa yigirmadan ortiq turdagi uy, ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun mebellar ishlab chiqaradi.
– Ishlab chiqarilayotgan mebellarimiz bilan asosan mahalliy bozorni ta’minlamoqdamiz, – deydi korxona rahbari Dovrug‘ Ro‘zmetov. – Kelgusida tashqi bozorlarga ham yo‘naltirilishni reja qilganmiz. Shu yili korxonamizga Prezidentimiz tashrif buyurib ishimiz va sharoitimiz bilan tanishdilar. Menga juda ko‘p taklif hamda tavsiyalar berdilar. Xalqaro bozorlarda ham brend yaratishimiz lozimligini uqtirdilar. Korxonamizda energiya samaradorligini oshirishga alohida e’tibor berdilar. Shu maqsadda quyosh panellari o‘rnatdik. Ularning suhbatlari meni ruhlantirdi. Endilikda yuqori sifatli mebel mahsulotlarini yanada ko‘proq ishlab chiqarib, mijozlarimizning ishonchini oqlaymiz.
[gallery-25452]
Darhaqiqat, mamlakatimizda oilaviy biznes yanada rivojlansa, aholi bandligi ham oshadi. Bunda albatta ularning tadbirkorlikka oid huquqiy bilimlarini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Viloyat soliq va adliya boshqarmalarining ma’lumotlariga ko‘ra, soliqlar va soliqqa kiritilayotgan o‘zgarishlar viloyatda barcha aholi qatlamiga, qolaversa, tadbirkorlarga batafsil yetkazilmoqda. Doimiy ravishda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan seminar va uchrashuvlarda ularning takliflari ham o‘rganilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA