Xorazmda “Kitobxon KIDS” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Urganchda 7-10 va 11-14 yoshli bolalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitobxon KIDS” tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida ishtirokchilarni rag‘batlantirish orqali ota-onalar va keng jamoatchilik orasida ham kitob o‘qish madaniyatini ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Unda viloyatning barcha tuman va shaharlarida g‘olib bo‘lgan eng zukko yoshlar navbatdagi marra uchun bahs olib bordi.
Tanlov davomida kitobsevar yoshlar o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etib, eng faol yosh kitobxon nomi uchun bellashdi.
– Asl ushbu tanlovning maqsadi ham yosh avlodni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni o‘qishga jalb qilish orqali fikrlash doirasini kengaytirish, milliy qadriyatlarni ulug‘lash hamda zamonaviy texnologiyalar orqali o‘qish jarayonini yanada jozibador qilishdan iborat, – deydi O‘zbekiston bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi boshlig‘i Manzura Xo‘jayeva. – Shuningdek, bolalarni mutolaaga oshno qilish, ota-onalarni o‘quv jarayoniga jalb etish va oilaviy o‘qish madaniyatini ham shakllantiradi.
Tanlov ishtirokchilari “Mutolaa” ilovasi orqali test hamda kvest topshiriqlarini yechish sinovlaridan o‘tkazildi. Bilimlari sinalgan 7-10, 11-14 yosh toifasidagi ishtirokchilar orasidan eng yuqori ball olganlar aniqlandi.
[gallery-29102]
Natijalarga ko‘ra, 7-10 yosh toifasida Qo‘shko‘pirlik Alibek Rasulov tengdoshlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Tanlovda Bog‘ot tumani yosh kitobxonlari nomidan ishtirok etgan Nurmuhammad Shermatov esa 11-14 yoshlilar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi.
Barcha ishtirokchilar diplom, tashakkurnoma, kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari