Xorazmda "Kasaba uyushmalari bog‘i" tashkil qilindi
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 17 oktyabrdagi kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuvdagi topshirig‘i asosida Xorazm viloyatining Urganch tumani xududida "Kasaba uyushma bog‘i" tashkil qilindi.
Qisqa muddat ichida obodonlashtirilgan bog‘ 20 gektarni tashkil etib, bu yerda 35 ming tupdan ziyod 15 xil manzarali daraxtlar, jumladan archa, qarag‘ay, terak, gujum va boshqa turdagi ko‘chatlar ekildi.
Bog‘dagi ko‘chatlarni parvarishlash va sug‘orish maqsadida 1,5 kilometr uzunlikda ariq qazilib, betonlashtirildi. Bundan tashqari, 2 ta bolalar va sport maydonchalari barpo etildi.
[gallery-26858]
–Bu yerning shunday obod bo‘lishi uchun 600 nafardan ortiq ishchi-xodimlar jalb etildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev. – Bog‘ xududiga 3 ming donadan ortiq atirgul ko‘chatlari ham o‘tqazildi. Aholi salomatligini muhofaza qilish, bu yerda sayr qiluvchi fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 6 kilometr uzunlikda yurish va yugurish yo‘lakchalari hamda 3 ta ayvoncha barpo etildi. Bog‘ hududiga 60 ta zamonaviy o‘rindiqlar, tungi yoritish chiroqlari qo‘yildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bog‘ xududida mehnatni ulug‘lovchi ramziy majmua–kasaba uyushma, ish beruvchi va davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ifodalovchi, balandligi 9 metrlik “stella” ham o‘rnatildi.
Bog‘ning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari va nuroniylar, faollar, ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati xaqida gapirdilar. Kasaba uyushmalari bog‘i mehnat ahliga bo‘lgan hurmat va ehtirom ramzi ekanligini e’tirof qildilar.
Mazkur loyiha faqat dam olish, sayr qilish hududi bo‘libgina qolmasdan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan so‘lim maskanga aylandi. Qolaversa, Xorazm viloyatining ekologik barqarorligiga, atrof muhit obodligiga munosib hissa qo‘shadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari