Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Sa’dullayev Xorazmda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qishloq xo‘jaligi Xorazm viloyati iqtisodiyotining eng yirik tarmoqlaridan biri bo‘lib, sohada mahsulotlar eksporti yildan- yilga ortib bormoqda. Bunda issiqxonalar faoliyati muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda viloyatda 281 ta tadbirkorlik sub’ekti jami 500 gektardan ortiq maydonda issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanmoqda. Ular joriy yilning shu davrigacha 31 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirdi.
Bog‘ot tumanidagi issiqxonada tashkil etilgan tadbir avvalida respublika soliq qo‘mitasi hamda viloyat mutasaddilari tadbirkorlarga berilayotgan soliq imtiyozlari va qo‘shimcha imkoniyatlarni batafsil tushuntirib o‘tdi.
Xususan, soliq qarzini to‘lash muddati 2028 yil oxirigacha kechiktirilishi, olingan daromad jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilishi kabi yangiliklar tadbirkorlar tomonidan iliq kutib olindi.
– Issiqxona xo‘jaliklari bo‘yicha yer solig‘i, yer fondi toifasidan qat’iy nazar, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan soliq stavkalari, g‘alla va paxtadan tashqari, qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy qilindi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov. – Buning hisobiga, viloyatda 2,1 milliard so‘m ya’ni 1,8 foiz mablag‘lar, ijtimoiy soliq stavkalari bo‘yicha 2,6 milliard so‘m, ya’ni 3,5 foiz mablag‘ xo‘jaliklar ixtiyorida qoladi. Shuningdek, 179 ta issiqxonaning soliqlardan mavjud 8,4 milliard so‘m qarzlarining to‘lov muddatlari uzaytiriladi va 24,3 milliard so‘m jarimalar hisobdan chiqariladi.
Tadbirda ta’kidlandiki, ayni damda viloyat bo‘yicha 67 ta faoliyat ko‘rsatmayotgan issiqxona mavjud. Qariyb 106 gektar maydonda joylashgan ob’ektlarni qayta ishga tushirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Kelgusi yildan boshlab viloyatimizda issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlar hajmini 45 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Yetishtirilgan hosilning 50 foizdan ortig‘ini eksportga yo‘naltirish barobarida ichki bozorda ham talabni to‘liq ta’minlash, ayniqsa, qish mavsumida narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
[gallery-25607]
– O‘n gektar issiqxonamiz bor, – deydi “Bog‘ot Siti” fermer xo‘jaligi rahbari Husanboy Avezov. – Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlarga pomidor va bodring eksport qilamiz. Yetmishdan ortiq ishchi ishlayapti. Har yili gaz va elektrdan qarzing bor, deb hisob raqamimizga taqiq qo‘yilardi. Prezidentimizga ming rahmat. Mana bu yildan boshlab issiqxonamiz uchun gazning oldindan to‘lovini 100 foiz emas, 50 foiz to‘layapmiz. Ayrim qarzlarimizni ham 2028 yilgacha kechiktirishdi. Endilikda issiqxonamizni to‘liq rivojlantirib, eksport va xalqimiz dasturxoni uchun mahsulotlarimizni ko‘paytiramiz.
Muloqot jarayonida tadbirkorlarning faoliyatida uchrayotgan muammo va takliflar tinglanib, qator muammoli masalalar joyida ijobiy hal etildi. Ayrim masalalar yuzasidan esa mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aAkqSFw1gI4" title="Xorazmda issiqxonalar faoliyati rivojlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari