Xorazmda "Dala kuni"
Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi “Baraka Baltimor” fermer xo‘jaligida paxta yetishtirishda regenerativ qishloq xo‘jaligi tamoyillari va yerga kamaytirilgan ishlov berish texnologiyasiga bag‘ishlangan “Dala kuni” o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihaga kiruvchi mazkur tadbir Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” (FOLUR) doirasida tashkil etildi.
Regenerativ qishloq xo‘jaligi tuproq unumdorligini saqlash hamda yaxshilash, suv va boshqa ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan yondashuvdir. Tuproqqa ishlovni kamaytirish, o‘simlik qoldiqlarini dalada saqlash, almashtirib ekish, o‘g‘itlarni tahlil asosida qo‘llash va suvni oqilona boshqarish uning asosiy amaliyotlari qatoriga kiradi. Ushbu amaliyotlar har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti va mavjud muammolariga qarab tanlanadi.
“Dala kuni”da fermerlar, soha mutaxassislari, loyiha hamkorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari tuproqqa mexanik ishlovni kamaytirish, tuproq sog‘ligini saqlash hamda suv, urug‘lik va mineral o‘g‘itlardan samaraliroq foydalanishga qaratilgan amaliy tajriba bilan tanishdilar.
– Regenerativ qishloq xo‘jaligi barcha hududlarda bir xil qo‘llanadigan tayyor yechim emas, – deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi ofisi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Har bir texnologiya mahalliy tuproq, suv va iqlim sharoitiga mos ravishda sinovdan o‘tkazilishi kerak. Xorazmdagi ushbu tajriba ilmiy yondashuvlarni fermerlar uchun amaliy va iqtisodiy jihatdan maqbul yechimlarga aylantirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-31571]
“Baraka Baltimor” fermer xo‘jaligining 30 gektar ko‘rgazmali maydonida an’anaviy va yerga kamaytirilgan ishlov berish usullari taqqoslanmoqda. Tajriba variantida bahorgi ikki marta chizel qilish olib tashlangan, boronalash va molalash soni uch martadan bir martagacha, sug‘orish esa besh martadan uch martagacha kamaytirilgan. Mineral o‘g‘itlardan foydalanishdagi asosiy farq ammofos miqdorida kuzatilmoqda. An’anaviy variantda gektariga 300 kilogramm ammofos qo‘llangan bo‘lsa, kamaytirilgan ishlov variantida bu ko‘rsatkich 100 kilogrammni tashkil etgan. Ammiakli selitra, ammoniy sulfat va kaliy xlor me’yorlari o‘zgartirilmagan. Suspenziya bilan ishlov berish soni ham besh martadan uch martagacha qisqartirilgan.
– Bugungi sharoitda har bir kub metr suv, har bir kilogramm o‘g‘it va har bir agrotexnik operatsiyaning samaradorligini hisobga olishimiz zarur, – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abdizuxorov.– Xorazmdagi tajriba kamaytirilgan ishlov texnologiyasining resurs sarfi, ishlab chiqarish xarajatlari va hosildorlikka ta’sirini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash imkonini bermoqda. O‘tgan yilgi olingan natijalar va joriy yil natijalari taqqoslangach, ushbu tajribani o‘xshash tuproq-iqlim sharoitiga ega boshqa hududlarda qo‘llash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
“Baraka Baltimor” fermer xo‘jaligi FOLUR –O‘zbekiston loyihasi doirasida ushbu fermer xo‘jaligida Braziliyadan olib kelingan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekuvchi maxsus ekish uskunalaridan foydalanilmoqda. Ekish uskunasi chigitni belgilangan chuqurlik va masofada aniq joylashtirish hamda fosforli o‘g‘itni dalaning butun yuzasiga sochmasdan, urug‘ va kelajakdagi ildiz zonasiga yaqin holda mahalliy usulda kiritish imkonini beradi. Bu bir tekis ko‘chat olish, ortiqcha urug‘ sarfini kamaytirish va fosforli o‘g‘itdan foydalanish samaradorligini oshirish uchun sharoit yaratadi.
– Biz ushbu texnologiyani xo‘jaligimizning o‘tgan yili yon atrofdagi fermerlar bilan birgalikda 80 gektar maydonida sinab ko‘rgan edik va yaxshi natijalr olingani uchun bu yil 200 ga maydonda joriy etishga erishdik, – deydi “Baraka Boltimur” fermer xo‘jaligi rahbari To‘roboy Rajabov. – Yerga ishlov berish operatsiyalari kamaygani sababli texnika, yoqilg‘i va mehnatga sarflanadigan vaqt qisqardi. Sug‘orish soni besh martadan uch martagacha, ammofos miqdori esa gektariga 300 kilogrammdan 100 kilogrammgacha yoki 70 foizga kamaydi. Bu yil hosil o‘tgan yilgiga nisbatan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
“Dala kuni” davomida ishtirokchilar an’anaviy va kamaytirilgan ishlov asosida yetishtirilgan g‘o‘za maydonlarini bevosita taqqosladilar. Mutaxassislar tuproq namligi, suvning tuproqqa singishi va tuproq zichligi bo‘yicha amaliy namoyishlar o‘tkazdilar. Shuningdek, suv tejashda nimalarga e’tibor qaratilgani to‘g‘risida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari