Xorazmda "Butunjahon munosib mehnat kuni" nishonlandi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyat kengashida “7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni”ga bag‘ishlangan “Munosib mehnat – munosib hayot asosi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tarmoq kasaba uyushmalari tuman, shahar kengashlari raislari, ayrim boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarining raislari, kasaba uyushmalari viloyat kengashi rahbar va mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda mehnat qonunchiligi va konsepsiyasi, ayollar majburiy mehnatining oldini olish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
[gallery-25641]
–Mazkur sana har yili dunyo bo‘ylab mehnat huquqlari va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida nishonlanadi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Kamoljon Bekchonov. – Ma’lumki, mamlakatimizda fuqarolar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ishlash sharoitlarini yaxshilash va adolatli munosabatni ta’minlash masalalariga alohida yondashilmoqda. Jumladan, Xorazmda ham yangi ish o‘rinlarini yaratish va samarali bandlikni, xavfsiz mehnat sharoitlarini, ijtimoiy himoya va mehnat huquqlarini ta’minlash kabi Xalqaro mehnat tashkilotining munosib mehnat konsepsiyasida belgilangan tamoyillarga amal qilinmoqda.
Tadbir yakunida fuqarolarning munosib mehnatga bo‘lgan huquqlarini to‘laqonli ta’minlash, adolatli va munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida fikr-mulohazalar tinglandi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar batafsil javoblar berdi.
Ma’lumot o‘rnida: "Butunjahon munosib mehnat kuni" mamlakatimizda 2008 yildan boshlab Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi odamlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, adolatli va munosib mehnatni ta’minlashga e’tibor qaratishdir.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari