“Xorazm xonlari milliy taomlari” gastronomik festivali (+video)
Joriy yilning 19-20-sentabr kunlari Xiva shahridagi “Arda Xiva” turizm majmuasida II xalqaro “Xorazm xonlari milliy taomlari” gastronomik festivali bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan festival xorijlik va mahalliy mehmonlarga Xorazm milliy taomlari, jumladan, o‘tmishda xonlarning saroy oshxonasida tayyorlangan noyob taomlari haqida ma’lumot olish, ularning tayyorlanish jarayonlarini kuzatish va tatib ko‘rish imkonini beradi.

Festival ishtirokchilari ikki kun davomida Xorazmning asrlar osha sayqallanib kelgan milliy taomlari, qadimiy retseptlar, mohir oshpazlar mahorati va unutilmas gastronomik mahoratidan unutilmas taassurotlar olishi mumkin.
Madaniy dasturlar bilan boyitilgan oshpazlar musobaqasida esa har bir ishtirokchining mahorati malakali mutaxassislar tomonidan baholab borildi.

Eng muhimi, festival g‘oliblarini 120 million so‘mlik umumiy sovrin jamg‘armasi kutib turibdi.
G‘oliblarga 1-o‘rin uchun 60 million so‘m, 2-o‘rin uchun 40 million so‘m, 3-o‘rin uchun 20 million so‘m pul va boshqa mukofotlar beriladi.
“Xorazm xonlari milliy taomlari” gastronomik festivali Xorazm oshxonasining o‘ziga xos an’analarini xalqaro maydonda namoyish etish, gastronomik turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Milliy taomlar tanlovi, qadimiy Xiva muhiti, mahorat va xalqaro gastronomik bahs – barchasi bir festivalda jam bo‘ladi.
<iframe width="1060" height="596" src="https://www.youtube.com/embed/Kd_yGGi4-zE" title="Xorazm xonlari dasturxoniga marhamat!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(video),
O‘zA muxbirlari