Vatanimiz tarixidagi 22 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Samarqandga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning qayd etishicha, Sohibqiron Amir Temur Bog‘i navda katta bazm uyushtirib, unga elchilarni ham taklif etdi.
Klavixo to‘ydagi tanga sochish marosimini quyidagicha yozib qoldirgan: “Ovqatlanib bo‘lingach, Temurbek amirlaridan biri qo‘lida kumush tanga to‘ldirilgan kumush kosa tutgan holda o‘rtaga chiqib, tangalarni elchilar va mehmonlar ustidan sochib yubordi. Tanga sochuvchi amir kosa tagida qolgan tangalarni qo‘liga olib, elchilarning oyog‘i ostiga sochdi. So‘ng ulug‘ amir elchilarga kimxob chopon kiydirishni buyurdi”.
1864 yil (bundan 161 yil oldin) – Xiva xoni Sayyid Muhammadxon vafotidan so‘ng, uning o‘g‘li Muhammad Rahimxon Soniy (hukmronlik yillari 1864–1910 yillar) taxtga chiqdi. Uning otasi Sayyid Muhammadxon 8 yilu 8 oy taxtda o‘tirgandan keyin, kasallik tufayli 43 yoshida vafot etgan edi. Taxtni xonning amakisi – amir ul-umaro unvoni bilan xonlikda eng yuqori mansablardan birini egallab turgan Sayyid Mahmud to‘ra egallashni niyat qilgandi. Ammo Hasanmurod qushbegi, Rahmatullo yasovulboshi kabi arboblarning qat’iyati bilan 1864 yil 22 sentyabrda taxtga Bobojon To‘ra ko‘tarildi. Rasman taxtga o‘tirgandan keyingina otasining jasadi dafn qilingan xon endigina 19 yoshga to‘lgan hamda tarixda Sayyid Muhammad Rahim “Baxodirxon Soniy” va “Feruz” nomlari bilan iz qoldirgan shaxs edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, uning buyuk ma’rifiy xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, asli kitobsevar xalq bo‘lgan Xorazm xalqining kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada orttirdi. Ommani kitob o‘qishga jalb etdi. U o‘z saroyi atrofidagi ko‘pchilik amaldorlarni, hatto og‘a-ini, farzandlari va nevaralarini ham shu ishga jalb etdi. Bu to‘g‘rida tarixchi Bayoniy shunday ma’lumot beradi: “Xon hazratlari haftada ikki kun: juma va dushanba oqshomlarida ulamo bilan suhbat tuzib, kitobxonlik etdurur erdilar... Sipohiylar va to‘ralarni ham kitobxonlik etarga targ‘ib etar erdilar. Bas hama kitobxon bo‘ldilar”.
1869 yil (bundan 156 yil oldin) – Mirzacho‘lda harbiy topograf G.A.Aminov boshchiligidagi harbiy suratchilar, loyihachilar, muhandis-texnik mutaxassislar guruhi ish boshladi. Shundan so‘ng 44 ming gektar yerni sug‘orishga mo‘ljallangan loyiha tuzildi.
1875 yil (bundan 150 yil oldin) – Qo‘qon xoni Sayyid Muhammad Nasriddinxon bilan Turkiston general gubernatori Konstantin Kaufman Marg‘ilon shahrida 28 paragrafdan iborat shartnomaga imzo chekdi. Shartnoma ikki nusxada, ruscha, turkcha va fors tillarida yozilib, biri Rossiya imperiyasi arxivida, ikkinchisi xon hukumatida saqlangan. Bu shartnomada kamsituvchi shartlar ham mavjud edi.
1908 yil (bundan 117 yil oldin) – o‘zbek kinooperatori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Mixail Krasnyanskiy tavallud topdi (vafoti 1986 yil). “Alisher Navoiy” filmi uning birinchi mustaqil ishi hisoblanadi. Shuningdek, uning “Maftuningman”, “Furqat”, “O‘tgan kunlar” kabi filmlari ham mashhur.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Toshkent shahrida yangi tashkil topgan Turkiston sahna san’ati xodimlari boshqarmasining tashkiliy majlisi chaqirilib, u o‘zining ish yurituvchi hay’atini sayladi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Cho‘lpon (Abdulhamid Sulaymonov)ning xotini Yekaterina Sulaymonova, Abdurauf Fitratning xotini Hikmatjon Fitratova, Fayzulla Xo‘jayevning onasi Rayhon Xo‘jayeva, xotini Malika Xo‘jayeva, qizi Viloyat Xo‘jayevalar “xalq dushmani”ning qarindoshlari sifatida qamoqqa olindi.
1953 yil (bundan 72 yil oldin) – teatr, kino va dublyaj aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov tavallud topdi.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qaul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qaul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA