Xorazm xabarlari qisqa satrlarda
Navro‘z ezgulik ayyomi
Mamlakatimizning barcha joylarida Navro‘z bayrami keng nishonlanmoqda. Mazkur bayramda nochorlar va extiyojmandlar holidan xabar olib, ularning dardiga malham bo‘lish eng yuksak fazilatlardan biri.
Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov va Urganch shahar hokimi O.Xolboyev ayyom munosabati bilan “Obi hayot” mahallasida yashovchi bir guruh nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar xonadonlarida bo‘lib, ularni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi va bayram sovg‘alarini topshirdi.

Shuningdek, Urganch shahar hokimligi tomnidan boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan 250 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamidan iborat bayram sovg‘alari yetkazib berildi.
*
Urganch tuman hokimi F.Sharipov, tuman sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va tuman mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan Urganch tumani, Yuqoribog‘ qishlog‘idagi R.Durdiyeva tomonidan tashkil qilingan “Oilaviy bolalar uyi”ga tashrif buyurdi.

“Oilaviy bolalar uyi” hovlisida vasiylikka olingan bolalarga navro‘z bayrami arafasida ko‘tarinki kayfiyat ulashilib, sovg‘alar topshirildi.
Keksalar holidan xabar olish, ularga yordam ko‘rsatish xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan biri ekanligini e’tirof etgan holda Urganch tumani hokimi F.Sharipov Navro‘z bayrami bilan qutlash maqsadida tumandagi “Muruvvat uyi”ga bordi. Onaxonu otaxonlar bilan dildan suhbat qurildi va oziq-ovqat mahsulotlari, sovg‘alari berildi.

Shuningdek, tumandagi yakka-yolg‘iz sifatida ro‘yxatda turuvchi ayollar va 2021 yil davomida reabilitatsiya texnik vositalariga muhtoj nogironlar holidan xabar olinib, nogironlik aravachasi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga, dori-darmon vositalari ham tarqatildi.
*
Bog‘ot tumani hokimi Shavkat Yaxshibayev 4-sektor hududida joylashgan «Gulshan» mahallasida yashovchi «Temir daftar» ga kiritilgan, og‘ir onkologik kasal Hosilposhsha Sapayeva holidan xabar olinib, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tuman hokimi Hosilposhsha opa va uning keksa onasi Momojon ona bilan samimiy suhbatlashdi. Ularning muammolari bilan qiziqdi. Momojon ona yig‘lab qizining sog‘ligi ayni kunlarda yomonlashayotganini aytdi. Hosilposhsha Sapayeva esa navbatdagi kimyoterapiya olish uchun imkoniyati yo‘qligi, to‘rt million so‘m pul topolmayotganini aytdi.
Shu yerning o‘zida bu muammo yechimini topdi va TTB bosh shifokoriga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, doimiy davolash choralari ko‘rilishi lozimligi borasida topshiriq berildi.

– Bunday g‘amxo‘rlikdan juda mamnunman, – deydi Hosilposhsha Sapayeva. – Meni bayram kuni yo‘qlab kelib davolanishim uchun moddiy yordam ko‘rsatilishi bilan birga, sog‘ligimni tiklash borasida shifokor ham biriktirildi. Buning uchun hamisha holimizdan xabar olib kelayotan mutasaddilarga minnatdorchiligimni bildiraman.
Shuningdek, Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputati Baxtiyor Matyoqubov Navro‘z ayyomida Bog‘ot tumanidagi ayrim kam ta’minlangan oilalar xolidan xabar olib, oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatdi. Saylovchilar e’tibordan mamnunligini bildirib, duoga qo‘l ochdi.

*
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan Xonqa tumani aholisining ijtimoiy ahvolini o‘rganish, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish orqali ularning yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash maqsadida tumanidagi 30 ta oilaga 700 bosh parranda, 8 bosh qo‘y, 6 bosh qoramol, 5 ta zamonaviy tikuvchilik mashinalari beg‘araz yetkazib berildi va bitta oilaga issiqxona qurib berildi.

*
Xonqalik yoshlar qadimiy va navqiron Xivada
Xonqa tuman hokimligi hamda ikkinchi sektor rahbari, tuman prokurori D. Qurbonov tashabbusi bilan bir kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun qadimiy Xivaga sayohat tashkil qilindi.
Xususan, tumanning chekka hududlari hisoblangan “Tayanch” va “Mosh to‘g‘ay”mahallalarining bir guruh yoshlari ochiq osmon ostidagi davlat muzey qo‘riqxonasi “Ichan qal’a”dagi osori-atiqalarni tamosha qilib, katta tassurotlar bilan uylariga qaytdi.

***
Navro‘z bayrami sport bilan boshlandi Qo‘shko‘pir tumanidagi “O‘rtaqishloq” mahallasida “Nezaxos”, “Polvon”, “O‘rtaqishloq” mahalla fuqarolari ishtirokida “Navro‘z” bayramiga bag‘ishlangan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi marafon bilan boshlandi.
Erta tongdan sport bilan kayfiyati a’lo darajada bo‘lgan mahalla fuqarolari, yoshlar, “Temir daftar” va “Ayollar daftariga” kiritilgan fuqarolar bayramga o‘zgacha ko‘tarinkilik baxsh etdi. O‘quvchi-yoshlar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar qilindi, milliy va bahoriy taomlar tuhfa etildi. Yangragan kuy-qo‘shiq, raqs, milliy o‘yinlar, sport o‘yinlari bayramni yanada jonlantirdi.

Bayram so‘ngida milliy o‘yin va chiqishlar, sport tadbirlarida faol qatnashgan ishtirokchilar rag‘batlantirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA