Urganch shahridagi “Avesto” bog‘ majmuasida ham erta tongdan kattayu kichik jam bo‘lib sharqona yangi yilni keng tantana qildi. Viloyatimizdagi korxona va tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalari, turli millatlarning milliy madaniyat markazlari o‘zlarining madaniy dasturlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, urf-odat va qadriyatlarini namoyish qildi.

Navro‘z bayrami oilalarda tinchlik va hamjihatlik, insonning tabiat bilan birlashuvi, shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik qadriyatlarini targ‘ib qiladi, bu esa madaniy xilma-xillikni saqlash va odamlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. 2009 yilda Navro‘z ko‘plab xalqlarning madaniy an’anasi sifatida YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Xorazm viloyati markazida tashkil etilgan Navro‘z saylida bahoriy taomlar tayyorlanib, elga ulashildi. Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Rahimov va faollar yurtdoshlarimiz va mehmonlarni Navro‘z bilan tabrikladi. Keksalar yangi dehqonchilik mavsumi barakali kelishini tilab duolar qildi.

— bugungi xalq sayli har qachongidan ham fayzli o‘tmoqda, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Xorazm viloyati bo‘limi rahbari Sayyora Abdukarimova. – Tuman va shaharlardan saylga kelganlarning yuzida tabassum, kayfiyatlari a’lo. Bayram tadbirida barcha soha vakillarini, mahalliy aholi va xorijliq mehmonlarni uchratish mumkin. Saylgoh hududida turli tanlovlar va musobaqalar ham tashkil etilmoqda. Bu esa xalqimizni ayniqsa yoshlarni juda xursand qilmoqda. Mehnatsevar xalqimiz Navro‘zni, birinchi navbatda yaratuvchilik va tinchlik-xotirjamlik bayrami, deb hisoblashadi. Aslida ham Navro‘z mehr-oqibat, insonparvarlik, do‘stlik va o‘zaro yordam ifodasidir.
— bugungi bayramga biz ham juda katta tayyorgarlik ko‘rib keldik, – deydi Turkman milliy madaniyat markazi faoli Sharofat Qurbonniyozova. – O‘zbekiston ko‘p millatli, tinch va osuda mamlakat. Bu yerda barcha millat vakillari huddi bir oiladek istiqomat qiladi. Mana shunday bayramlarni birgalikda nishonlab xursandchilik qiladi. Yurtimizda doimo bugungi kabi katta ko‘tarinkilik va mehr-oqibat ufurib turgan shodiyonalar davom etaversin.
— Men farzandlarim, oilam bilan keldim, – deydi Zuhra To‘rayeva. – Bu yerda Navro‘z bayrami juda ajoyib nishonlanmoqda. Turli milliy taomlardan tatib ko‘ryapmiz. Qiziqarli tadbirlarda, o‘yinlarda ishtirok etyapmiz. Farzandlarimning ham kayfiyati juda yaxshi. Go‘zal va betakror yurtimizning har kuni Navro‘z bo‘lsin.

Xalq sayliga maskan bo‘lgan bog‘da viloyatning barcha tuman va shaharlari uchun ajratilgan pavilonlarda o‘ziga xos raqobat usulida ko‘rgazmalar, bayram chiqishlari tayyorlashdi. Taniqli xonandalar, badiiy va xalq jamoalari bilan birga poytaxtdan kelgan taniqli san’at va madaniyat namoyandalarining chiqishlari sayl ishtirokchilariga zavq bag‘ishladi.
Navro‘z sayllari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA