Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar kuni” uchrashuvlarida bildirilgan takliflarga ko‘ra, viloyatning bir guruh faol, tashabbuskor yoshlari Toshkent shahridagi ulkan ma’naviy maskan – Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat qilishdi.
Sayohat davomida yoshlar boy tariximiz, milliy merosimiz va buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy xazinaga yana bir bor yaqindan guvoh bo‘ldi.

***
Hazorasp tumanida favqulodda vaziyatlar bo‘limi va tegishli idora-tashkilotlar hamkorligida "Mahalliy hokimlik binolarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, yong‘inlarni o‘chirish va qutqaruv ishlarini olib borish" mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘uloti favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda tegishli xizmatlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini oshirish hamda yong‘in va boshqa favqulodda holatlarda qutqaruv ishlarini samarali tashkil etishga qaratildi.

Mashg‘ulot davomida shartli ravishda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni bartaraf etish, fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, yong‘inni o‘chirish hamda qutqaruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
***
Tuproqqal’a tumanida "Dolzarb 90 kun" tadbirlari doirasida el ardog‘idagi xonandalar ishtirokidagi katta konsert dasturi tashkil etildi.

Aholining madaniy hordiq chiqarishi maqsadida ochiq osmon ostida tashkil etilgan mazkur tadbir tuproqqal’aliklar uchun chinakam bayramga aylandi.

Tuman ahli va mehmonlari eng sara taronalardan bahramand bo‘lib, yozgi oqshomni oila a’zolari bilan ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdi.
***
Urganch shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 30 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida "Mahalla ligasi" sport musobaqalarining Xorazm viloyat bosqichiga start berildi.

Musobaqalar mini-futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi, shaxmat, shashka va vorkaut
sport turlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda.

Mazkur musobaqalar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ommaviy sportni rivojlantirish hamda jismoniy faollikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri