Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xiva shahar hokimi Osiyo Taraqqiyot banki vakillarini qabul qildi. Uchrashuv “Xiva shahrini kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Muzokaralar chog‘ida shahar hokimi Temur Davletov tomonidan qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan, Xivada turistik aylanma yo‘llarni barpo etish, madaniy meros ob’ektlarini qayta ta’mirlash va restavratsiya qilish hamda “smart” avtobus bekatlarini o‘rnatish kabi tashabbuslar taklif etildi.
Osiyo Taraqqiyot banki mutaxassislari mazkur takliflarni amaliy jihatdan ko‘rib chiqishlarini ma’lum qilib, Xiva shahridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
***
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ilmiy-tadqiqot ishlarining natijadorligi yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-tadqiqot ishlarining natijadorligi yuzasidan o‘tkazilgan ochiq muloqotda yosh olimlar, jumladan, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, shuningdek, media sohasiga qiziqishi baland yoshlar hamda universitet Axborot xizmati xodimlari ishtirok etishdi.
Muloqot davomida oliy o‘quv yurtining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zafar Ibragimov va boshqalar ishtirokchilarga ta’limdagi innovatsiyalar va innovatsion pedagogik faoliyat, universitetda ilmiy ishlarning borishi, ilmiy salohiyatning o‘sishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish borasidagi ishlar, shaxsiy ish rejalarning bajarilishi, xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, shartnomalar, doktorant va yosh olimlarni stajirovkalarga jo‘natish masalasi, qolaversa, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi va ilmiy ishlardan kutilayotgan natijalar Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilganligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ilmiy etiketga amal qilish, ilmiy madaniyatni oshirish, bu borada xorijiy til bilish zaruratlari, ilmiy maqola va dissertatsiya yozishning o‘ziga xos muhim jihatlari va bunda ilmiy rahbarning o‘rni haqida fikr-mulohazalar bayon etilib, zarur tavsiyalar berildi.
Muloqot davomida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
***
Gurlan tumani “Vazir” madaniyat va aholi dam olish maskanida 9 may –Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Afg‘on urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari ishtirokida "Xotira aziz – qadr muqaddas" shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Unda Gurlan va Yangibozor tumanlaridan yig‘ilgan mehnat va urush faxriylari hamda nuroniylar qatnashdi.
O‘zaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot ta’kidlandi. Faxriylarning bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li va hozirgi tinch zamonda yashayotganimiz haqida iliq fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimova va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva o‘z ijod namunalari bilan barchani xushnud qildi. Shuningdek, o‘quvchi- yoshlar tomonidan vatanparvarlik ruhidagi turli she’r va qo‘shiqlar hamda sahna asarlari namoyish etildi.
***
Xorazmda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Shovot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqaro B.U. va boshqalar 300 dona elektron tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
***
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Energosavdo filiali Xorazm bo‘linmasi tomonidan ishchi guruh shakllantirilib, qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Qo‘shma reyd tadbirlari davomida Urganch shahrida faoliyat olib borayotgan “V.A” oilaviy korxonasiga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida elektr energiyasidan foydalanish holatlari o‘rganilganda, iste’molchining alohida elektr hisoblagich o‘rnatmasdan, tegishli hujjatlarsiz, boshqa tarif guruhiga mansub bo‘lgan, ya’ni reklama faoliyatini yuritish orqali noqonuniy tarzda elektr energiyasidan foydalanish holati aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qonuniy tarzda chora ko‘rish maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdim qilinmoqda.
[gallery-23227]
Ahmadjon Shokirov, O‘zA