Xiva shahrida "Arda Xiva" majmuasi – sayohat olamiga yo‘l!” tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirning bosh maqsadi mahalliy va xorijiy sayyohlarni Xivaning betakror turistik salohiyati bilan yaqindan tanishtirish, viloyatimizning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish hamda an’anaviy hunarmandchilikni yanada rivojlantirishdir.
Shu munosabat bilan tadbir davomida mehmonlar uchun madaniy dasturlar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, gastronomik turizm namoyishlari, qiziqarli ekskursiyalar va informatsion sessiyalar tashkil etilib, ularga Xivaning sirli va maftunkor jozibasi haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Endilikda sayyohlar va mehmonlar mazkur maskanning betakror muhitidan bahramand bo‘lishlari mumkin.
***
Ramazon oyi arafasida Bog‘ot tumani Nurafshon shaharchasida “Darvesh bobo” jome masjidi foydalanishga topshirildi.
Yangidan bunyod etilgan masjid 4000 nafar namozxonga mo‘ljallangan, zamonaviy talablarga javob beradi va barcha qulayliklarga ega.
Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlar idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla Abdullayev, tuman hokimi Jahongir Nazarov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, tuman aholisini masjid ochilishi bilan tabrikladilar.
Masjid hududida zamonaviy tahoratxona, imom-xatib va boshqa xodimlar uchun barcha qulaylikka ega ma’muriy bino hamda kutubxona ham mavjud.
***
Bog‘ot tumanida Afg‘onistonda harbiy harakatlarning to‘xtatilganligiga 36 yil to‘lishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
1979 yildan 1989 yilgacha davom etgan Afg‘on urushi ko‘plab bog‘otlik o‘g‘lonlarning umriga zomin bo‘lgan. Xususan, mazkur tumandan harbiy harakatlarda 245 nafar jangchi-faxriy mardonavor qatnashib, yurtimiz tinchligi uchun o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shishgan.
Tadbir qatnashchilarining davlat tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan fidokorona xizmatlari yosh avlod oldida har qancha ibratga arzigulik ekani ta’kidlandi.
Diltortar kuy va qo‘shiqlar yangragan bayram tadbirida to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lgan safdoshlar duoga qo‘l ochib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini tiladilar.
***
Yangiariq tumani hokimi Zafarbek Matnazarov tumanda sportni ommalashtirish bo‘yicha tizimni to‘liq va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tumandagi sport maktabi mas’ullari hamda murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ayni paytda tumandagi “Sport maktabi” davlat muassasasida 30 ga yaqin murabbiy 20 ta sport turi bo‘yicha yuzlab yosh sportchilarga ustozlik qilib kelishmoqda.
Tuman hokimi mutasaddilarga mazkur sohani rivojlantirish, sport muassasalari va mahalla yoshlar yetakchilari o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tumandagi yosh iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro sport musobaqalarida ishtiroki uchun ularga shart-sharoitlar yaratish yuzasidan kompleks chora-tadirlarni amalga oshirish vazifalari belgilab olindi.
***
Tuproqqal’a tumanida “O‘zAvto” Xorazm filiali va mahalliy kasb-hunar maktabi Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydi.
Bu tizim orqali yoshlar nazariy bilim bilan birga haq to‘lanadigan amaliy mehnat orqali kasb egallaydi.
Tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan ochiq muloqotda tuman hokimi A.Jimalyazov, “O‘zAvto” Xorazm filiali direktori S.Jumaniyazov, “O‘zAvto” Asaka filiali mutaxassislari va kasb-hunar markazi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, ularni zamonaviy sanoat talablariga moslashtirish va ular uchun kelajakda keng imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
***
Urganch Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning voleybol turi bo‘yicha “O‘-17” o‘g‘il bolalar o‘rtasida Xorazm viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada tuman va shaharlardan kelgan 8 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1- o‘rinni Hazorasp tumani jamoasi, 2-o‘rin Yangibozor tumant jamoasi va 3-o‘rinni Qo‘shko‘pir tumani jamoasi qo‘lga kiritdi.
[gallery-21792]
A.Shokirov, O‘zA muxbiri