Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Shovot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tumanning “Arbik” MFY hududida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan O.A. fuqaro X.R.dan jami 3 000 AQSH dollarini 33,7 million so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
* * *
Xorazm viloyati Yangibozor tumanida garovdagi mulkni o‘zlashtirgan fermer xo‘jaligi rahbari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangibozor tuman bo‘limi tomonidan “Xalq banki” Yangibozor filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Z.B.” fermer xo‘jaligi rahbari Z.Q. naslli qoramol sotib olishga ajratilgan 237,6 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan 616,1 million so‘mlik issiqxonani buzib tashlab, jihozlarini boshqa maqsadlarda ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
* * *
Hazorasplik Allayor Samandarov va Ra’no Ro‘zmetova farzandining nikoh to‘ylarini o‘tkazish uchun tuman hokimligiga murojaat qilgan edi. Murojaat ijobiy yechim topdi. Tuman hokimligi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, o‘sha hududda istiqomat qilayotgan saxovatli insonlar ko‘magida ikki yoshning nikoh to‘yi o‘tkazib berildi.

Yosh oilaga sovg‘alar taqdim etildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA