Xorazm qovunlarining tilimi tilni yorar
Xiva shahrida an’anaviy xalqaro “Qovun sayli” festivali yakunlandi.
Tarixdan ma’lumki, Xorazm zaminida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlar azaldan qo‘rg‘oshin qoliplarda karvonlar orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlariga yetkazib berilgan. Ayni paytda ham voha qovunlari juda ko‘p mamlakatlarda ma’lum va mashhur bo‘lgani bois katta hajmda eksport qilinadi.
Xorazm qovunchiligini yanadi keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini qaratish va turistlar oqimini oshirish maqsadida o‘tkazilgan qovun sayli uch kun davom etdi. Har yili ayni qovun pishig‘i mavsumida o‘tkazilishi an’anaga aylangan mazkur festival “Ichan qal’a” davlat muzeyi qo‘riqxonasi “Polvon” darvozasi oldidagi “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilon tashkil qilindi.
Festivalni o‘tkazishdan maqsad serquyosh zaminimizda ushbu tansiq mahsulotni xorijlik sayyohlarga keng targ‘ib etish, turizmni rivojlantirishdir.
Pavilonlarda respublikamizning barcha hududlari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tumanlarda yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, xususan, qovun mahsulotlari namoyish etildi. Qovun – issiqsevar va yorug‘sevar o‘simlik. U qurg‘oqchilik va tuproq sho‘rlanishiga chidamlidir. Ko‘plab turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan farqli o‘laroq, qovunni boshqa ekinlar uchun yaroqsiz hisoblangan cho‘l zonalari, ya’ni qurg‘oqchilik sharoitida va sho‘rlangan tuproqda ham yetishtirish mumkin.
– Respublikada bu kabi yerlar ko‘pligini hisobga olsak, qovunning turli-tuman navlarini yetishtirish mamlakat eksport salohiyatini oshirishga imkon beradi, – deydi buxorolik fermer Umid Mahmudov. – Biz ham bugun qovun sayliga polizda yetishtirilgan 38 ta navdagi qovunlarni olib keldik. Qovun turlarining ichida “Bo‘ri kalla” navini eksportga chiqarmoqdamiz. Xorazmlik dehqonlar boy tajribaga ega. Eng muhimi, ushbu ko‘nikmalar avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Qovun sayli festivalning birinchi kunida yurtimizning taniqli san’at ustalari ishtirokida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Diltortar taronalar, milliy va estrada kuy-qo‘shiqlari ishtirokchilarga, xorijiy mehmonlarga yanada zavqli onlarni taqdim etdi.
[gallery-18695]
– Men ushbu qovun bayramiga ataylab keldim, – deydi italiyalik sayyoh Franko Farmenti. – Bizning mamlakatda qovun tipik meva hisoblanadi. Tarvuz esa desert sifatida dasturxonga tortiladi. Lekin hech qachon ko‘p poliz ekinlarini va mevalarni ko‘rmaganman. Bu yerdagi manzaradan o‘zimni go‘yo ertaklar olamida yurgandek his qildim. Mahsulotlarning ta’mi juda yoqimli. Bunday mazali qovun va tarvuzlarni tatib ko‘rmaganman. Mamlakatingizdagi to‘kin-sochinlikka havas qilsa arziydi.
Darhaqiqat, qovun saylining barcha tadbirlari xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi. Yuqori darajada tashkil etilgan festival ularga ham unutilmas onlar, boy taassurotlar tuhfa etdi. Bugungi kunda Xorazmda mirishkor, fermerlar va olimlar hamkorligida yo‘qolib ketgan qovun navlari qayta tiklanmoqda, yangilari yaratilmoqda. Qovun urug‘larining 125 turi namunasi genofond sifatida saqlanmoqda. Qolaversa, Gulobi xorazmiy va Saxovat nomli qish bo‘yi saqlanadigan qovunlar kelasi yildan esa sotuvga chiqariladigan yangi navlar ham yaratildi.
Saylda “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning navlari namoyish qilindi. Shuningdek, qovun, uning po‘chog‘i va urug‘idan tayyorlanadigan 103 turdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Saylning ikkinchi kuni ham shukuhli jarayonlarga boy bo‘ldi. Xalqaro festival doirasida folklor jamoalari chiqishlari, konsert dasturlari, tasviriy san’at asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, darbozlar o‘yini, xon va ayonlar chiqishi, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, jonli ijrodagi sahna ko‘rinishlari va boshqa madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Qovun sayli yakunda hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xorazm viloyati Yangibozor tumani festivalning oliy o‘rin sohibi deb topilib “Tracker” yengil avtomashinasi bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan Urganch shahriga “Onix”, ikkinchi o‘rinni egallagan Xiva tumaniga esa “Damas” mashinasi topshirildi. Uchinchi o‘rin esa Urganch, Qo‘shko‘pir tumanlari va Xiva shahriga nasib qildi hamda ularning har biriga mototsikl berildi.
Shuningdek, “Qovunni qayta ishlash va saqlagani uchun”, “Qadimiy Xorazm navlarini tiklash va yangi innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”, “Qovunchilikda eng yuqori rentabellikka va eksportbop qovun yetishtirganligi uchun”, “Eng shirin ekologik qovun yetishtirganligi uchun” kabi nominatsiyalar bo‘yicha bir qator tuman va shaharlar, muassasalar hamda fermer xo‘jaliklari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan.
Qovun saylining yakuniy qismida barcha mehmonlar hamda tashrif buyuruvchilarga xorijlik san’atkorlar hamda o‘zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokida katta gala-konsert dasturi namoyish etildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat) O‘zA muxbirlari.