Xorazm lazgisini eshitib dilim yayraydi
Andijon viloyatining eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali davom etmoqda.
Mamlakatimiz san’ati, o‘ziga xos milliy qadriyat va an’analarini, shuningdek, turizm salohiyati va imkoniyatlarini namoyish etayotgan mazkur festivalda nafaqat yurtimiz san’atkorlari, balki dunyodagi qator davlatlarning estrada san’ati guruhlari, xonandalari ishtirok etmoqda.
Festivalning ikkinchi kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan ijodiy guruh va san’atkorlar Xonobod shahri madaniyat va istirohat bog‘ida o‘zlari uchun ajratilgan joylarda festival mehmonlariga o‘z konsert dasturlarini namoyish etmoqda.
– Festivalda qoraqalpoq xalqi san’atini namoyish etayotganimizdan behad mamnunmiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi “Aykulash” folklor-etnografik ansambli rahbari Hayotbergan Allaniyozov. – Xalqimizning milliy qo‘shiq va raqslari festival mehmonlariga manzur bo‘lmoqda.
Surxon vohasi san’ati jozibadorligi, o‘ziga xosligi, milliyligi bilan hamisha tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
“Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalida ham Surxondaryo viloyatidagi “Jarqo‘rg‘on” folklor etnografik ansambli hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Norali Allanazarov ijrosidagi qo‘shiqlarni tomoshabinlar katta oqishlar bilan kutib oldi.
Ollohshukur Qurbonnazarov rahbarligidagi xorazmlik san’atkorlarning qo‘shiqlari, ayniqsa, lazgi, “Xorazmda Xiva bor” qo‘shiqlari barchani raqsga chorladi.
[gallery-12828]
– Xorazm lazgisini eshitib dilim yayradi, – deydi festivalga Jalaquduq tumani Oyim qishlog‘idan farzand va nabiralari bilan kelgan, mehnat faxriysi Halimaxon Boltaboyeva. – Ayniqsa, nabiralarim raqsga tushdi. Xalqimizning ko‘nglini ko‘tarayotgan ushbu festival tashabbuskori Prezidentimizga, tashkilotchilarga mingdan-ming rahmat.
Shuningdek, festival doirasida respublikamizda faoliyat olib borayotgan xonandalar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda Toshkent shahridan Sarvinoz Kamolova gran-pri sohibasi bo‘ldi. Birinchi o‘rin samarqandlik Diyora Ja’farovaga, ikkinchi o‘rin andijonlik Sanjar Omonov hamda farg‘onalik Shoxruh G‘aniyevga, uchinchi o‘rin esa andijonlik Sevara To‘lanova hamda toshkentlik Bobur O‘razaliyevga nasib etdi.
Festivalning ikkinchi kuni tadbirlari ham yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA