Xonqadagi muammolar o‘rganilib, hal etilmoqda
Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilishmoqda.
Parlament quyi palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev Xorazm viloyatining Xonqa tumanida bo‘lib, saylovchilarning muammolarini o‘rgandi. Aniqlangan masalalar deputatning yordami bilan birin-ketin ijobiy yechimini topmoqda.
“Oydin hayot” mahallasida yashovchi Ibragim Madaminov deputat bilan muloqotda yuragini operatsiya qilish uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qildi. Mazkur murojaat bir kun muddatda o‘rganilib, shartnomalar bo‘yicha xulosa beriladigan bo‘ldi.
“Muqaddas” mahallasi Oqsaroy ko‘chasi 356-uyda yashovchi Jo‘shqinbek Sultonovning parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha kredit olish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Murojaatchiga kredit olib berish ishlari boshlab yuborildi.
“Istiqlol” mahallasida yashovchi Klara Karimovaning bola puli olishda hamda ish bilan ta’minlash va parranda boqish uchun amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati ham qanoatlantiriladigan bo‘ldi. O‘rganishlardan so‘ng murojaatchini “Temir daftar” ro‘yxatiga qayd etish va moddiy yordam berish bo‘yicha tuman hokimining o‘rinbosari v.v.b E.Qurbonovga murojaat etildi.
“Do‘rman” mahallasida oqar suv muammosi yuzasidan qilingan murojaatlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Ushbu muammo joriy yilning 1 martiga qadar bartaraf etiladigan bo‘ldi.
Deputatning saylov okrugidagi faoliyati davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar, murojaatlarning barchasi ro‘yxatga olindi va ularni bartaraf etish choralari boshlab yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA