Xonobod qishlog‘i azaldan o‘zining mehnatkash xalqi bilan tanilib kelgan. Xonobod Chirchiq daryosi qirg‘oqlariga yaqin joylashgani sababli sabzavotchilik, bog‘dorchilik hamda chorvachilik uchun qulay sharoit mavjud.
Insonga bozor ham, mozor ham kerak bo‘lishi azaliy haqiqatdir.

Bugun Toshkent shahar Sergeli tumani “Xonobod” MFYda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan masjidning ochilishi aholining quvonchiga sabab bo‘ldi.
Xonobodtepa nomi bilan yuritilib kelingan qadimiy qabriston so‘nggi olti-yetti yil ichida obod maskanga aylandi. Qabriston atrofi o‘rab olindi. Yo‘laklar tartibga keltirilib, tungi yoritish tizimi ishga tushirildi. Manzarali nihollar ekilib, ziyoratchilar uchun qulay o‘rindiqlar o‘rnatildi.

Qabriston hududida faoliyat yuritib kelgan masjid achinarli holga kelib qolgan edi. Masjidning obod bo‘lishiga turli tashkilotlar, mahalliy aholi vakillari, saxovatpesha tadbirkorlar beg‘araz hissa qo‘shdi. Ibodatga keluvchilar uchun tahoratxonalar, dam olish xonalari, turli jihozlar, diniy kitoblar uchun rastalar va avtomobillar uchun turargohlar– barcha sharoit yaratildi.
Masjid Rahimjon ota nomi bilan o‘z ish faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Rahimjon ota uzoq yillar davomida masjid va qabriston obodligi yo‘lida mehnat qilgan. O‘g‘illari, hozir esa nabiralari u kishining izidan bormoqda.
Asror Sulaymonov, O‘zA muxbiri