Xonobod vodiyning turizm markaziga aylanadi
Navro‘z bayrami arafasida «Xonobod» temiryo‘l vokzali foydalanishga topshirildi.
Andijon – Savay – Xonobod yo‘nalishi bo‘yicha ilk yo‘lovchi poyezdini Xonobod shahrida kutib olish tadbiri yangitdan barpo etilgan «Xonobod» temiryo‘l vokzalining ochilish tantanalariga ulanib ketdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan Xonobod shahar hokimi Mash’albek Tojiboyev Andijon viloyati, xususan, Xonobod shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi, Prezidentimiz tashabbusi bilan turizmni rivojlantirish, ayniqsa, shaharni turizm markaziga aylantirish, shuningdek, temiryo‘l tarmoqlarini yangilash, infratuzilmasini yaxshilash borasida katta hajmdagi ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
«Xonobod» temir yo‘l vokzali 50 o‘rinli bo‘lib, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, bir sutkada 500 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Vokzal atrofida bir gektardan oshiq maydonga turli mevali, manzarali daraxt, rang-barang gul ko‘chatlari ekilib, obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Ushbu yangi vokzalning qurilishi bilan 20 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, Andijon – Xonobod temiryo‘l liniyasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, «Toshtemiryo‘lloyiha» mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida 520 ming kub metr tuproq ishlari bajarilgan. Shuningdek, 45 ta sun’iy inshoot (1 ta temiryo‘l ko‘prigi) qurildi. Mavjud 53,2 kilometrlik temiryo‘l ta’mirlanib, 10,2 kilometr masofada yangi po‘lat izlar yotqizildi, jami 7 ta avtomobil va temiryo‘l kesishmasi bunyod etildi.
Xonobod shahri dengiz sathidan 750-800 metr balandlikda, Qoradaryoning o‘ng sohilida, viloyat markazidan 75 km uzoqlikda joylashgan. Shaharga 1972 yilda asos solingan bo‘lib, ayni paytda 41 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, umumiy yer maydoni esa 23,4 km²ni tashkil etadi. Xonobod o‘zining ko‘rkam manzarasi, tabiatining go‘zalligi, toza havosi bilan sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb qila oladigan eng obod hududlaridan biridir.
Xonobod Farg‘ona vodiysining tarixi ming yillarga borib taqaluvchi qadimiy maskanlaridan biri hisoblanadi. O‘sha davrlardanoq Farg‘ona tog‘ tizmasi boshlanadigan O‘zgan va O‘sh savdo yo‘li ustida joylashgan Xonobod Buyuk ipak yo‘li karvonlari to‘xtab o‘tadigan katta qishloqlardan biri sifatida dovruq qozongan.
bugungi kunga kelib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish bo‘yicha taklif va topshirig‘i ijrosi doirasida Xonobodda yangi turistik ob’ektlar barpo etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, umumiy loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan «Xonobod» sihatgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga mo‘ljallangan mingdan ortiq dam olish uylari, qator mehmonxonalar, savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish inshootlari barpo etildi.
Tarixiy, turizm rivojlanayotgan Xonobod shahrida barpo etilgan temiryo‘l vokzali, Andijon – Xonobod yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdning yo‘lga qo‘yilganligi shaharni yanada obod bo‘lishi, yuksalishi, turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA