Andijon shahrining Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida “Ulug‘imsan, Vatanim!” shiori ostida xonatlas festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan aholi, ayniqsa, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, milliylikni asrash, o‘zbekona kiyinish madaniyatini, milliy an’analarimizni keng targ‘ib etish, qadimiy urf-odat va qadriyatlarimizga xos kiyinish madaniyatini ommalashtirish maqsadida mamlakatimizning vazirlik va idoralari, o‘quv muassasalari, korxona va tashkilotlarida, mahallalarda "Xon atlas" haftaligi doirasida turli tadbirlar, festivallar o‘tkazildi.
Andijon shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan festivalda Andijon shahrida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar, modeler-dizaynerlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi, o‘quvchi va talabalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, xotin-qizlar faollari milliy va zamonaviy ko‘rinishdagi liboslari, shuningdek, chevar, zardo‘z va do‘ppido‘zlar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
[gallery-16962]
“Xonatlas” festivalining ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova va boshqalar tomonidan mazkur festivalning yoshlar tarbiyasi, milliy liboslarimiz, xususan, xonatlasni targ‘ib etishdagi o‘rni va roli muhim ekanligi ta’kidlandi. Ayniqsa, atlas, adras, beqasam singari matolardan tikilgan milliy liboslarimizning ko‘rkam va xushbichimligi, o‘ziga xosligi, go‘zal qizlarimizga yanada ko‘rk bag‘ishlashi alohida e’tirof etildi.
– Atlas, adras va boshqa milliy matolarimizdan tikilgan milliy liboslarimiz har qanday kishini hayratga soladi, – deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargizaxon Dehqonova. – Nihoyatda go‘zal va rang-barang liboslarni ko‘rib, qo‘li gul chevar qizlarimizning mahoratiga har qancha tahsinlar aytsak arziydi.
Tadbirda, ayniqsa, modeler-dizaynerlar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va talabalari tomonidan tayyorlangan o‘ziga xos liboslar ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.
– Milliy liboslarimizni keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan ushbu festival, ayniqsa, o‘quvchi qizlarimizning o‘zbekona liboslarga bo‘lgan qiziqish va hurmatini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi Andijon shahar pedagogika kolleji direktori Dilafruz Qurbonova. – Jumladan, xonatlas haftaligi doirasida kollejimizda ham milliy liboslarimizni ommalashtirish, o‘quvchi qizlarimizning kiyinish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Buning natijasida aksariyat o‘quvchi qizlarimizning milliy liboslarimizga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgarganligi quvonarlidir.
Mutaxassislar tomonidan namoyish etilgan liboslarda milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashganligi alohida e’tirof etildi, yuqori baholandi. Tadbir doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, ta’lim muassasalari badiiy jamoalari, mahalla vakillari tomonidan namoyish etilgan badiiy dasturlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
Ayniqsa, mahallalarda faoliyat olib borayotgan hunarmand va dizaynerlar tomonidan namoyish etilgan milliy liboslar, do‘ppi va poyabzallar ko‘rgazmalari barchada katta taassurot qoldirdi.
– Oilaviy qiz-ayollarning turli fasondagi do‘ppilarini tikish bilan shug‘ullanamiz, – deydi Andijon shahridagi Cho‘lpon 100-yilligi mahallasida yashovchi do‘ppido‘z-dizayner, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Mayramxon Ergaziyeva. – Tayyorlagan do‘ppilarimiz asosan Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi hududida bizga ajratib berilgan do‘konda sotiladi. Do‘ppilarimiz ancha xaridorgir. Bundan tashqari, Qo‘qon, Toshkent, Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan turli festival va ko‘rgazmalarda ham biz tayyorlagan do‘ppilarga yuqori baho berilgan. Ayniqsa, xorijliklar katta qiziqish bilan sotib olishgan.
Bugungi xonatlas festivali milliy liboslarimizni, xususan, o‘zbekona do‘ppilarni targ‘ib etish va ommalashtirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Katta sahnada modeler va dizaynerlarning o‘zlari tayyorlagan rang-barang milliy va zamonaviy liboslari namoyishi festivalga o‘zgacha shukuh, ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
Xonatlas festivalida o‘quvchi va talaba- qizlar faol ishtirok etdi. Milliy ko‘rinishdagi kiyinishlari bilan milliy liboslarimizni keng targ‘ib etishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi.
– Xonatlas festivali biz yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirmoqda, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi Ro‘zixon Akramjonova. – Tadbir men kabi minglab yoshlar qalbida milliy liboslarimizga, qadriyat va urf-odatlarimizga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamladi, kiyinish odobi, madaniyati borasidagi bilim va tushunchalarimizni yanada boyitdi.
Yuqori saviyada o‘tgan mazkur festival aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini yuksaltirish, milliy liboslarimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga, opa-singillarimizning atlasdek o‘xshashi yo‘q milliy matomizga bo‘lgan mehrini yanada oshirishga xizmat qildi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/p2jVXyICb_E" title="Xonatlas festivalida milliy liboslar targʻib qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat,video),
O‘zA muxbirlari