“Xonadonbay” usuldagi ko‘chatchilik aholi daromadini oshiradi
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida in-vitro sharoitida gilos payvandida standart talablarga mos ko‘chat yetishtirish, ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish va xonadonlar daromadini oshirish bo‘yicha bir yillik innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida 10 ta xonadonda gilosning 1 ming 500 tup “Krimski-5” payvandtagi ekilib, parvarishlanib avgust oyida kurtak payvand, fevral oyida esa iskana payvand qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil bahor mavsumida loyihaga jalb etilgan Gulchehra Jalilova xonadonida iskana usulda “Krimski-5” payvandtagiga payvand qilingan “Skina”, “Lapins” gilos navlaridan 1 ming 400 dona standart gilos ko‘chatlari 2024 yil kuz va 2025 yil bahor mavsumida sotish uchun tayyorlandi.

Ushbu ko‘chatlarni o‘rta hisobda 1 donasi 50 ming so‘mdan sotilganda jami 70 million so‘m atrofida daromad olishga erishiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Xonadonbay” loyiha doirasida ko‘plab natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, xonadon egalari va ko‘chatchilikka qiziquvchi yoshlarga gilos ko‘chatlarini ilmiy takomillashtirilgan texnologiyalar asosida yetishtirishda qo‘llaniladigan agrotexnik tadbirlar, standart ko‘chat yetishtirish texnologiyalari o‘rgatiladi. Bu orqali mazkur sohada yosh mutaxassislar safi ortishiga erishiladi.

A.Musayev, O‘zA.