Atlas matolari o‘zining turfaligi, go‘zalligi, qadimiy va betakrorligi bilan necha asrlardan beri dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Shuning uchun o‘zbek milliy matosining muxlislari talaygina.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilning 9-14 sentyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab “Xon atlas haftaligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Haftalikni o‘tkazish ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar, korxonalar, o‘quv muassasalari, barcha hududlarda, mahallalarda uyushqoqlik bilan tashkil etish tavsiya qilinadi.

Haftalikni o‘tkazishdan maqsad o‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniyati, urf-odat va an’analari, estetik qarashlari, shuningdek, tashqi qiyofa, libos borasida o‘ziga xos xususiyatlarini namoyish etish, barcha toifadagi xotin-qizlar, uy bekalari, o‘quvchi-talaba qizlar, yosh kelinlar, turli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasida milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, ularning kiyinish uslubini yanada takomillashtirishdan iborat.
Shu bilan birga, kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni tavsiya etish, milliylik va zamonaviylik, mahalliy va badiiy jihatlar uyg‘un bo‘lgan, shuningdek, milliy meros darajasidagi liboslarni keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodda milliy g‘urur hissini uyg‘otish, milliy urf-odat va an’analar bilan birga umuminsoniy axloq qoidalarini, umume’tirof etilgan did va estetik qarashlarni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Haftalik o‘zbek milliy shoyi matolari – atlas va adrasni tayyorlash texnologiyasi YUNESKO nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba ro‘yxatiga kiritilganini targ‘ib etish, dizayn san’ati va milliy sanoat hamda sohada yosh kadrlarni tayyorlash, shuningdek, bugungi kunda liboslar targ‘iboti, savdosi bilan bog‘liq yo‘nalishlardagi yutuq, kamchilik va muammolarni muhokama qilishga ham xizmat qiladi.
Haftalik doirasida juda ko‘plab tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA