Xomashyodan eksportbop mahsulotgacha
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi «Raw Materials Exclusive» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur korxona hududda paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan sanoat ob’ektlaridan biri.
Korxona 4 gektar maydonni egallagan bo‘lib, shundan 12 ming kvadrat metr hudud ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 20,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 10 million dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, 10,8 million dollari bank krediti hisobidan moliyalashtirilgan.
Ishlab chiqarish jarayonida Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik uskuna va jihozlardan foydalanilmoqda. Bu korxonada mahsulot sifatini nazorat qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda tashqi bozor talablariga mos mahsulot tayyorlash imkonini beradi.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 4 ming 500 tonna ip-kalavaga teng.
[gallery-31038]
2026-yilning birinchi yarmida bu yerda 2 ming 480 tonna ip-kalava ishlab chiqarilib, 4,5 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari korxonaning tashqi bozordagi o‘rnini mustahkamlash uchun imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Korxonada 350 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ayniqsa, ishlab chiqarish quvvatlarining aholi yashash hududlariga yaqin joylashgani mahalliy aholi, xususan, yoshlarning doimiy ish bilan ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qashqadaryo viloyatida paxta xomashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalarining ko‘payishi hudud iqtisodiyotida qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga xizmat qilmoqda. «Raw Materials Exclusive» MCHJ faoliyati ham shu jarayonning amaliy ko‘rinishlaridan biri sifatida ahamiyatli.
Xomashyoni qayta ishlash orqali yangi mahsulot yaratish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va eksport hajmini kengaytirish sanoat taraqqiyotining muhim omillaridan. Qarshi tumanidagi mazkur korxonada paxta tolasi zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, ichki va tashqi bozor uchun talab yuqori bo‘lgan ip-kalavaga aylantirilmoqda.
Bugun korxonada ishlab chiqarish jarayonining turli bosqichlarida yuzlab mutaxassis va ishchilar mehnat qilmoqda. Yangi texnologiyalar, ishlab chiqarish intizomi va malakali kadrlar mehnati uyg‘unligi mahsulot sifatini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
20,8 million dollarlik investitsiya, zamonaviy texnologik uskunalar, 4 ming 500 tonnalik yillik quvvat, eksport ko‘rsatkichlari va 350 ta yangi ish o‘rni — Qarshi tumanida sanoat salohiyatini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatuvchi muhim ko‘rsatkichlardir.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA