Xokkey sporti Oʻzbekistonga qaytdi
Tarixiy birinchi chempionat esa 8 fevralda boshlanadi
Tarixiy birinchi chempionat esa 8 fevralda boshlanadi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilda Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi tomonidan tarixiy birinchi mamlakat chempionati oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda musobaqani yuksak saviyada tashkil etish maqsadida tayyorgarlik ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

Kecha poytaxtimizda yangidan barpo etilgan “Ice City” sport-koʻngilochar maskanining rasmiy ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham ishtirok etdi. Asosiy tantanalar esa oʻziga xosligi va betakrorligi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortayotgan ushbu shaharchaning bosh muz maydonida boʻlib oʻtdi.
Dastlab 10-12 yoshli sportchilar yigʻilganlar qarshisida oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. “Tashkent siti” nomi ostida mashgʻulotlar olib borayotgan bu yoshlar uchun hozircha ichki musobaqalar yoʻlga qoʻyilmagan, ammo ular xorij, xususan qoʻshni Qozogʻistonda tashkil etilgan xalqaro turnirlarda qatnashib, munosib oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda.

Shundan soʻng muz ustida Oʻzbekiston xokkey maktabining ertangi umidlari sifatida qaralayotgan oʻsmirlar terma jamoamiz hamda mamlakatimizdagi birinchi xokkey jamoasi boʻlmish “Binokor”ning hozirgacha sport faoliyatini davom ettirib kelayotgan vakillari saf tortishdi. Koʻrgazmali tarzda tashkil etilgan bu oʻyinda xokkeychilar natija uchun harakat qilishmadi, aksincha bundan koʻzlangan maqsad – ushbu sport turini yurtdoshlarimiz orasida keng ommalashtirishdan iborat edi.
Tadbir davomida figurali uchish ustalari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar ham yigʻilganlarda iliq taassurot qoldirdi.

Maʼlum boʻlishicha, xokkey boʻyicha tarixiy birinchi Oʻzbekiston chempionati bahslari 8 fevralda “Ice City” sport-koʻngilochar maskanida boshlanadi. Ilk chempionatda oʻsha mashhur “Binokor”, shuningdek yangi tuzilgan “Tashkent siti”, “Xumo” hamda “Semurgʻ” jamoalari ishtirok etishadi. Xulosa qilib aytganda, bir muddatlik tanaffusdan keyin xokkey sporti yana Oʻzbekistonga qaytmoqda. Va bu qaytish mamlakatimiz sporti nufuzini yanada koʻtarishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.

