Xo‘jamazgil ayollari tikuvchilikni o‘rganadi
Bulung‘ur tumanining chekka hududlaridan biri bo‘lgan Xo‘jamazgil mahallasida joriy yil boshidan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlariga kirishildi.
Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish, tomorqadan samarali foydalanish uchun imkoniyat yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun mahallaga bir qator vazirlar va mas’ul rahbarlar kelib, aholi bilan muloqot qildi, ularning yashash sharoitini o‘rgandi. Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining xo‘jamazgilliklar bilan suhbati jarayonida ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil etish rejalashtirilgan edi.
– Vazirligimiz va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda qisqa fursat ichida mahalla binosida tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv maskani tashkil etildi, – deydi Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov. – Yigirmata tikuv mashinasi keltirilib, mahalladagi ishsiz xotin-qizlar qisqa muddatli o‘quv kursiga jalb etildi. Ular bepul kasb-hunarga o‘qitilishi bilan birga, stipendiya bilan ham ta’minlanadi.
Kelgusida mahallada boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham kurslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA