“Xo‘jamayxona” darasiga press-tur
Surxondaryo viloyat Turizm, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hamda Madaniy meros boshqarmalari hamkorligida Boysun tumanidagi “Xo‘jamayxona” darasiga press-tur tashkil etildi.
Tog‘li tumandagi ospono‘par qoyalar qo‘ynidagi “Xo‘jamayxona” darasi mahalliy va xorijlik sayyohlarni go‘zal tabiat manzaralari, soya–salqin soylari, shifobaxsh suvi bilan o‘ziga maftun etmoqda. Ayniqsa, bahor, yoz va kuz oylarida so‘lim bu go‘sha tabiatsevar sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bu hududning sayyohlik salohiyatidan oqilona foydalanish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Dara yo‘llariga asfalt yotqizilib, transport qatnovi uchun yetarli sharoit barpo etildi. Yo‘l bo‘ylarida xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari ishga tushirilmoqda.

Jurnalist va blogerlar daraning Temir darvoza mahallasi hududidagi suv tegirmoni va nonvoyxonada bo‘lib, un tayyorlash hamda tandirda lalmi bug‘doyning tegirmon unidan non pishirish jarayonlarini kuzatdi. Tabiiy xamirturushdan tayyorlangan tegirmon uni nonini tatib ko‘rdi. Uning foydali xususiyatlari bilan qiziqdi.

–Keksalarimizdan suv tegirmonning unidan tayyorlangan non oshqozon va ichak kasalliklariga shifo bo‘lishini eshitganman,–deydi tegirmonchi va nonvoy Chorshanbi Majidov.– Oshqozonga botmaydi, tez hazm bo‘ladi. Afsuski, tegirmonlar yo‘qolib, bu kasb egalari ham noyob bo‘lib qoldi. Bu tegirmonni otam Zayniddin Majidov ko‘p yillar ishlatdi. Uni ishlatish sirlarini otamdan o‘rganganman. O‘tgan zamonda otamning onalari Oynaxol momo ham tegirmonchi bo‘lib, non tanqis bo‘lgan og‘ir yillarda farzandlarini shu kasb orqali rizqlantirgan ekan. Men ishlatayotgan tegirmonning barpo etilganiga ham o‘ttiz yildan oshdi. Eskirib, bir muddat ishlamay qolgach, uni qayta ta’mirladim. Toshlarini almashtirdim. Hozir bir soatda 50 kilogramm bug‘doyni maydalab, un chiqarib beradi. O‘tgan yili tandir o‘rnatib, non pishirib, sotishni ham yo‘lga qo‘ydik. Daradan o‘tgan kishi borki, tandirdan uzilgan issiqqina nonimizni xarid qiladi. Bir tishlam yegach, ta’mi og‘zida qolganini aytib, uni tayyorlash va pishirish usullari bilan qiziqib qoladi.

Jurnalist va blogerlar daradagi tandir go‘shti tayyorlanadigan oshxonada ham bo‘ldi. Bu yerda Ro‘zimurod Safarqulov mehmonlarga tandir kabob tayyorlash sirlarini ko‘rsatdi. Tog‘ giyohlari bilan oziqlangan qo‘y go‘shtining shifobaxshligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Daraga yo‘li tushgan inson borki, agar eshitgan bo‘lsa bu yerdagi yonarbuloqqa albatta bir to‘xtab o‘tadi. Yo‘lning o‘ng tarafidagi mo‘’jizakor suv har qanday kishini hayratga soladi. Baland qoyalarning shundoq tagida sizib turgan buloq suviga gugurt chaqsangiz, alanga olib, buloq suvi yonadi. Afsuski, bu safar press-tur ishtirokchilarining omadi chopmadi. Kuz shamoli suvning yonib turishiga yo‘l qo‘ymadi. Shuncha gugurt chaqishmasin suv bir olovlanib, shamol ta’sirida yana o‘chib qolaverdi.
“Xo‘jamayxona” shifobaxsh buloq suvi tabiiy minerallarga boyligi bilan shuhrat qozongan. Zilol suv yurak, qon-tomir, getatit kasalligi, buyrak va o‘t qopi toshlari, oshqozon yarasi kasalliklariga foyda beradi. Buloqdan sekundiga uch kub suv chiqadi. Yapon olimlari bu yerda tadqiqot o‘tkazib, uning Osiyo qit’asidagi eng toza, filtrlangan, shifobaxsh obi-hayot ekani, inson organizmiga foydali bo‘lgan temir va oltin moddalari mavjudligini aniqlagan.Ayni paytda Boysun tumani aholisi quvurlar orqali ana shu suv bilan ta’minlangan.

Press-tur qatnashchilari mazkur hududda ham bo‘lib, qiziqarli lavhalar tayyorlashdi. “Tangisar” kanonida ekstremal tog‘ turizmi alpiniadasini tomosha qildilar. Yosh alpinistlar, soha mutaxassislari, xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan dildan suhbatlashdi.

–Boysun baland tog‘ va cho‘qqilari, salobatli qoyalari, oltin kuzning go‘zal tabiati va dimoqqa xush yoqadigan toza havosi bilan bizni maftun etdi, –deydi rossiyalik sayyoh Konstantin Grechenko. –Bunday uyg‘un maftunkorlikni dunyoning biron joyida ko‘rmaganman. Odamlarning samimiy va mehmondo‘stligi, pazandaligi ham bizda katta taassurot uyg‘otmoqda. Miriqib sayohat qiladigan, dam oladigan sokin go‘shaga kelganimizdan quvonchimiz cheksiz.

–Boysun tog‘lari kishiga o‘zgacha orom baxsh etib, ruhingizni tetiklashtiradi, –deydi Qiziriq tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi Abdurashid Xurramov. – Shu bois tog‘lar qo‘yniga har mavsumda kelib turaman. Bu safar ikki nevaram bilan kelib, alpiniada musobaqasini ham tomosha qildik. Dara bo‘ylab aylandik. Kuzgi bu sayohatning o‘z zavqi bor. Tog‘ qo‘yni nevaralarimga ham juda yoqdi.

Jurnalist va blogerlar tadbir doirasida ekstremal tog‘sport turizmi alpiniadasi g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etib, g‘olib jamoalar quvonchiga sherik bo‘ldi. Tomoshabin va o‘quvchilarga yetkazish uchun ularning dil so‘zlarini, ekstremal tog‘ sport turizmining gashti haqidagi fikrlari va tog‘ qo‘ynidagi taassurotlarini tingladi.

Dunyo sayyohlarini o‘z bag‘riga chorlayotgan “Xo‘jamayxona” darasiga uyushtirilgan press-tur ishtirokchilar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri.