“Xo‘jaikon” tuz g‘oridan maqsadli foydalaniladi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatining Ko‘hitang tog‘ tizmasida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda “Xo‘jaikon” tuz g‘ori joylashgan. Ushbu g‘or mineral tuz va boshqa qazilma boyliklar manbai sifatida qadimdan qadrlangan. Bugun uning salohiyati zamonaviy yondashuv asosida o‘rganilib, tuz g‘oridan samarali foydalanish, hududni iqtisodiy va turistik rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, “Sherobod Crystal Salt” MCHJ tomonidan Germaniyaning mashhur “Bizayla” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 15 million AQSH dollarga teng “Salomatlik turizmi” shaharchasini tashkil etish loyihasi taqdim etildi.
Mazkur shaharcha aholiga va sayyohlarga yuqori darajadagi sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatishga qaratiladi. Tuz g‘orining tabiiy shifobaxsh muhitidan foydalangan holda, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya va boshqa xastaliklarni davolash bo‘yicha maxsus markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat tibbiy turizmni rivojlantiradi, balki hudud iqtisodiyotiga ham sezilarli daromad keltiradi.
[gallery-25626]
Bundan tashqari, “Xo‘jaikon tuz” MCHJ tomonidan mavjud tuz ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish ishlari boshlab yuborilgan. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yuqori sifatli mineral tuz mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘lami kengaytirilmoqda. Bu jarayon nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash, balki eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.
Keng qamrovli loyihalarni samarali amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish masalasi ham kun tartibida turibdi. Yo‘llarni ta’mirlash, transport va kommunikatsiya tizimini yaxshilash, sayyohlar va mahalliy aholi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ham faol harakatlar olib borilmoqda.
“Xo‘jaikon” tuz g‘ori bu – nafaqat tabiat in’om etgan mo‘’jiza, balki Surxondaryo viloyati uchun yangi iqtisodiy va turistik imkoniyatlar manbaidir. Maskan kelajakda nafaqat yurtimiz, balki mintaqaning yirik salomatlik turizmi markaziga aylanishi kutilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA